Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev taʼmirdan chiqarilgan Buxoro OZK bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev shu kunlarda xizmat safari bilan Buxoro viloyatida boʻlib turibdi. Tashrif davomida vazir viloyatda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Jumladan, bugun D.Nabiyev yangidan taʼmirdan chiqarilgan Buxoro Olimpiya zaxiralari kollejini borib koʻrdi. Oʻrganish davomida sport kollejidagi sport zallar, faollar zali hamda oʻquv va laboratoriya xonalari ham koʻzdan kechirildi. Shu yerning oʻzida vazir mutasaddi rahbarlarga mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish hamda sport inshootining ochilish marosimini yuksak saviyada tashkil etish boʻyicha ham topshiriqlar berdi. Darvoqe, Buxoro Olimpiya zaxiralari kollejini taʼmirlash uchun 8 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

Taʼkidlandiki, hozirda zamonaviy koʻrinish olgan Buxoro Olimpiya zaxiralari kolleji buxorolik yosh va isteʼdodli sportchilarga oʻz iqtidorini namoyon etish hamda kelgusida terma jamoalar safidan mustahkam joy olib, xalqaro maydonlarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilishlari yoʻlida pillapoya vazifasini oʻtab beradi.

Maʼlumot uchun, Buxoro olimpiya zaxiralari kollejining rasman ertaga tantanali ravishda ochiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati