“Oʻzbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasi” yaratiladi

“Oʻzbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasi” yaratiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6099-son Farmoniga muvofiq, respublika hududlarida ekspeditsiya tashkil qilgan holda milliy sport turlari hamda xalq oʻyinlari tarixini oʻrganish asosida “Oʻzbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasi”ni tayyorlash va chop etish maqsadida qator tashkilotlar hamkorligida qoʻshma qaror qabul qilingan.

Milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasini yaratishdan koʻzlangan asosiy maqsad, qadimdan bizgacha yetib kelgan milliy sport turlari va xalq oʻyinlarini keng jamoatchilik, xususan xorijlik sayyohlarga namoyish etish va bu orqali milliy oʻyinlarimiz va sport turlarini xalqaro miqyosiga olib chiqishdan iborat.

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida “Oʻzbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasi”ni tayyorlash va chop etish boʻyicha ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Ushbu yigʻilishda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Fanlar akademiyasi, Polvonlar milliy markazi, Milliy teleradiokompaniya va Milliy axborot agentligi mutasaddilari va boshqalar bevosita ishtirok etishgan boʻlsa, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining hududiy boshqarmalari onlayn zoom platformasi orqali qatnashishdi. Mazkur yig‘ilishda ishchi guruh rahbari sifatida Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov konferensiyani onlayn olib bordi.

Ushbu ensiklopediyani yaratish boʻyicha ishchi guruh aʼzolari ish samaradorligini oshirish maqsadida oʻzaro 3 guruhga boʻlinib, hududlarga chiqqan holda aholi bilan suhbatlar oʻtkazilib maʼlumotlar yigʻishga kelishib olishdi.

Yigʻilishda taʼkidlanishicha mazkur ensiklopediyani joriy yilning iyul oyida keng jamoatchilikka taqdim etish rejalashtirilgan. Shuningdek, xorijlik mehmonlarga ham tushunarli boʻlishi uchun 3 ta tilda yaʼni oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etiladi.

Qolaversa, mamlakatimizdagi har bir mehmonxonalarga tarqatilishi orqali ushbu mehmonxonaga tashrif buyurgan mijozlarga milliy sport turlari va xalq oʻyinlarimiz tarixi bilan yaqindan tanishish imkoni ham mavjud boʻladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati