Toshkent viloyati bo‘ylab aholini sportga jalb etish borasida tadbirlar tashkil etilmoqda

Karantin talablari yumshatilishi bilan mamlakatimizdagi barcha hududlarda sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes-klublar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunda sportchilar ham karantin talablariga rioya qilgan holda mashg‘ulotlarni olib borishi, shuningdek, aholining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va salomatliklarini tiklashda ustuvor bo‘lgan sport mashg‘ulotlari jarayoniga ularni ko‘proq jalb etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bugun, 26 sentyabr kuni Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, Toshkent tumani jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tashabbusi bilan sportchilar, trenerlar va aholi vakillari bilan birgalikda salomatlikni tiklashga qaratilgan ertalabki ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari va “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” shiori ostida piyoda sayr tashkil etildi.

Ushbu sport tadbirida 100 nafardan ortiq ishtirokchilar faol qatnashdi. Hozirda Toshkent viloyati bo‘ylab aholi vakillarini sportga jalb etish va bu borada ularga sharoit yaratib berish bo‘yicha Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati