Ogʻir atletika boʻyicha Tokio Olimpiadasiga saralash musobaqalari qayta koʻrib chiqildi

Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasining “Tokio-2020” uchun qayta koʻrib chiqilgan Olimpiada saralash musobaqalari tizimini tasdiqladi. Unga koʻra, saralash davri 2021-yil apreligacha uzaytirildi. Bu haqda MOQ Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, ogʻir atletikachilar tomonidan saralash musobaqalari paytida erishilgan barcha natijalar va reytinglar oʻzgartirilmasdan saqlab qolinadi.

COVID-19 pandemiyasi sababli saralash musobaqalari toʻxtatilganidan va “Tokio-2020”ni oʻtkazish muddati koʻchirilganidan keyin qayta koʻrib chiqilgan saralash davri 2020-yil 1-oktyabrdan 2021-yilning 30-apreligacha amal qila boshlaydi. Avval rejalashtirilgan va keyin bekor qilingan musobaqalar ana shu davrda oʻtkaziladi.

Olimpiada yoʻllanmasi uchun ogʻir atletikachilar 2018-yil 1-noyabridan boshlab kamida oltita musobaqada ishtirok etishlari shart boʻlgan mezonlar saqlab qolindi.

Endi “Tokio-2020”da ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritishni xohlagan ogʻir atletikachilar 2020-yil 1-oktyabridan 2021-yil 30-apreligacha ushbu musobaqalarning hech boʻlmasa bittasida qatnashishlari kerak.

  • Umumiy hisobda 56 erkak va 56 ayol sportchi Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi (IWF) tomonidan toʻplangan jahon reytingi asosida saralanadi.
  • Yana 56 erkak va 56 ayol sportchi Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi (IWF) tomonidan toʻplangan qitʼa reytingi asosida saralanadi.
  • Uch erkak va uch ayol ishtirokchi mezbon mamlakat maqomi asosida saralanadi.
  • Toʻrt erkak va toʻrt ayol qatnashchi uch tomonlama komissiya taklifini oladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati