«ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALARNING MUSOBAQALARDAGI O‘RNI»
«ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALARNING MUSOBAQALARDAGI O‘RNI»
Toshkent shahar Uchtepa tumani 1-sonli sport maktabining raqamlashtirish mutaxassisi, milliy toifadagi hakam hamda qilichbozlik bo‘yicha kattalar o‘rtasida (2026 y., 3-5 may kunlari) Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatining bosh kotibi O‘rinboyeva Dilnaz Qurashevna bilan zamonaviy texnologiyalarning musobaqalardagi o‘rni haqida suhbatni e‘tiboringizga havola etamiz.
— Kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati qanday yangiliklari bilan ajralib turdi?
— Bu yilgi mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan chempionat zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan to`la foydalanilgan xolda, yangicha yondashuvlar asosida yuqori saviyada tashkil etildi. Ayniqsa, ilk bor video takror texnologiyasining joriy etilgani musobaqalarning yanada adolatli va shaffof o‘tishida muhim ahamiyat kasb etdi.
— Video takror texnologiyasining asosiy afzalligi nimada?
— Mazkur texnologiya orqali bellashuvlar vaqtida bahsli vaziyatlar qayta ko‘rib chiqiladi. Shu bois mazkur musobaqa jarayonlarida har bir zarba va harakat aniq tahlil qilinib, hakamlar tomonidan xolis qarorlar qabul qilindi. Natijada musobaqalarning shaffofligi va adolat tamoyillari to‘liq ta’minlandi.
— Musobaqa natijalari qanday tartibda qayd etildi?
— Chempionatdagi barcha natijalar erp.sport.uz yagona elektron tizimiga kiritildi. Bu esa ma’lumotlarni tezkor saqlash, qayta ishlash va tizimli ravishda yuritish imkonini berdi.
— Ushbu elektron tizimning qulayliklari haqida nimalar deya olasiz?
— Yagona elektron baza orqali murabbiylar va mutaxassislar sportchilarning natijalarini tahlil qilish, ularning rivojlanish dinamikasini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa kelgusida mashg‘ulot va tayyorgarlik jarayonlarini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
— Umuman olganda, chempionatning ahamiyati nimada bo‘ldi?
— Ushbu chempionat nafaqat kuchli raqobat muhitini yaratdi, balki sport sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bugungi kun talabi ekanini yana bir bor namoyon etdi. Zamonaviy texnologiyalar sportning rivoji, hakamlik sifati va natijalar shaffofligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Suhbatni Federatsiya Matbout kotibi Muborakxon Yakubova olib bordi
