MOQ qoshidagi RSTIAM o‘z rejalari bilan tanishtirdi

MOQ qoshidagi RSTIAM o‘z rejalari bilan tanishtirdi

Bugun MOQ qoshida tashkil etilgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining (RSTIAM) 2020 yildagi faoliyati va 2021 yil rejalariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Onlayn formatda o‘tgan ushbu tadbirda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Abdushukur Sadikov boshchiligidagi RSTIAM tibbiyot xodimlari, MOQ vakillari, Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarda faoliyat olib borayotgan shifokorlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishning ilk qismida A.Sadikov Markazning 2020 yilda olib borgan faoliyatiga oid hisobot berdi. Unda o‘tgan yil davomida Markaz tomonidan qilingan ishlar, olingan daromad, qaysi yo‘nalishda mijozlarning ko‘p murojaat qilgani, nechta sportchilar tibbiy tekshiruvdan o‘tgani, 2021 va 2022 yillar davomida qaysi texnik qurilmalarni sotib olish rejalashtirilayotgani haqida maʼlumotlar aytildi. Maʼlumotga ko‘ra, 2020 yil davomida 600 nafardan ortiq asosiy terma jamoamiz vakillari, 100 nafardan ortiq BO‘SM tarbiyalanuvchilariga tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Atletlarimizdan 2000 dan ortiq PSR tahlillari olingan. Eng ko‘p murojaat esa Markazning MRT va laboratoriya xizmatida kuzatilgan.

Shundan so‘ng shifokor-travmatolog Sunnatilla Yo‘lchiyev “Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarning holati va ularni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, hozirgi pandemiya sharoitida sportchilarning sog‘lig‘ini nazoratga olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi”, Markaz direktorining o‘rinbosari Iskandar Mavlonov esa “Yangi dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, intellektual mulkni rasmiylashtirish, grantlar bo‘yicha yangi ilmiy loyihalar” mavzusida taqdimot qilishdi.

O‘z o‘rnida MOQ raisi taqdimotlar va RSTIAM faoliyati bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi:

“Sportchi va murabbiylarga qulay bo‘ladigan xizmatlarni yana-da ko‘paytirishni tavsiya qilamiz. Siz taqdimotga ko‘rsatgan texnikalarning hozirgi sharoitda qanchalik kerakli ekani bo‘yicha shifokorlarimiz bilan muhokama qilish o‘rinli. Barchasi avvalo o‘zbek sporti uchun bo‘lishi kerak. Butun dunyoda sport farmakologiyasi ham katta o‘sishga erishmoqda. O‘zimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘simliklar kimyosi instituti bilan hamkorlikda mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarur. Markazimiz Respublikamizda yagona. U sportchi va xalqimizning salomatligi yo‘lida xizmat qiluvchi innovatsion markaz bo‘lishi lozim. Faqat MRT uchun emas, boshqa tibbiy xizmatlarimizga ham odamlar navbatda turishsin”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Onlayn suhbat davomida Sog‘liqni saqlash, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari bilan kelishgan holda jamoalarimizni Tokio Olimpiadasiga tayyorlash, bu borada chet el tajribalarini o‘rganish, Markazni jihozlashda yangi innovatsion qurilmalardan foydalanish, o‘quv-mashg‘ulot bazalarida barcha epidemiologik talablarni kuchaytirish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.