6-sentyabr — Oʻzbek milliy kurashi kuni!

Bugun, 6-sentyabr - butun dunyoda “Oʻzbek milliy kurashi sport turi kuni” sifatida nishonlanmoqda. Maʼlumot uchun, 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kurash” milliy sport turini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida 6-sentyabr - Kurash kuni sifatida nishonlanadigan boʻldi.

1998-yil 6-sentyabrda taʼsis etilgan Kurash xalqaro assotsiatsiyasi bugungi kunda sayyoramizning beshta qitʼasidagi 130 dan ortiq milliy federatsiyani birlashtirgan. 2010-yilda Kurash xalqaro assotsiatsiyasi ushbu sport turini Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish uchun buyurtma berishda muhim talab boʻlgan Jahon dopingga qarshi agentligining eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo Olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida “Kurash” milliy sport turi tarixda ilk bor XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari dasturiga rasman kiritildi. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan kurashni xalqaro sport musobaqalari va turnirlari dasturlariga, kelgusida esa Olimpiya oʻyinlari dasturiga ham kiritish boʻyicha faol tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda kurash milliy sport turini ommalashtirish, mazkur sport turi boʻyicha qobiliyatli kurashchilarni aniqlash va saralash hamda ularning mashq qilishi, shuningdek, murabbiy va hakamlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarini joriy etish imkonini beradigan klub va seksiyalarning yaxlit tizimini shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi butun dunyodagi kurashchi va murabbiylarni, ular qatori barcha kurash ishqibozlarini “Oʻzbek milliy kurashi sport turi kuni” bilan samimiy qutlaydi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati