Sport muassasalarida koronavirus infeksiyasini oldini olish chora-tadbirlari boʻyicha seminar tashkil etiladi

Barchamizga yaxshi maʼlumki, koronavirus pandemiyasi ayni damda butun dunyoni qamrab oldi. Afsuski, ushbu xavfli kasallik hamon oramizda, yon atrofimizda bizga taxdid qilishni davom ettirmoqda.

Yurtimizda karantin cheklovlari asta-sekin yumshatilishi kasallik batamom yoʻq boʻldi, deb beparvolikka berilishimizga sabab boʻlmasligi lozim. Ayniqsa, ish va mehnat jarayonida gigiyenik talablarga toʻliq rioya qilgan holda faoliyat yuritish shart.

3-sentyabr soat 15:00 da Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasida “Sport muassasalarida koronavirus infeksiyasini oldini olish chora-tadbirlari” mavzusida onlayn videoseminar tashkil etiladi. Unda assotsiatsiya rahbariyati, xodimlari va shifokorlar ishtirok etishadi.

Videoseminardan koʻzlangan asosiy maqsad sportchilarning salomatliklarini muhofaza qilish va shu bilan birgalikda ularda karantin talablari boʻyicha koʻnikmalarni yana-da rivojlantirishdan iborat.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati