Navoiy viloyatida sportchilar ishtirokida sodir boʻlgan holat yuzasidan rasmiy bayonot

Joriy yil 19-avgust kuni “Navoiy kanal” nomli telegram kanalida “Navoiyda yangi mafiya paydo boʻlibdi shekilli, Voroskoy kinoni koʻp koʻrish oqibati” (https://t.me/navoiy_kanaluz/13126) sarlavhali maqola eʼlon qilingan edi.
Maqolada yozilishicha, bir navoiylik bloger navoiylik qoʻshtirnoq ichidagi sportchini tanqid qilgani uchun oʻsha sportchi uning uyiga bir nechta oʻziga oʻxshagan doʻstlari hamda treneri bilan borgan. Ular blogerni uyidan olib ketgani yetmaganidek unga doʻq-poʻpisa qilishgan. Maqola ilova qilingan rasmda sobiq Navoiy ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internati, hozirgi Navoiy Olimpiya zaxiralari kolleji treneri qayd etilgan
Navoiy viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi ushbu holat yuzasidan oʻrganish olib borildi va quyidagilarni maʼlum qiladi:
Ushbu holat Navoiy viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan oʻrganib chiqildi. Unda aniqlanishicha, Navoiy ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab-internatida trener boʻlib ishlovchi Jumayev Muhammadning shaxsiy fotosuratlari va videolarini bloger internet tarmogʻiga joylashtirganligi sababli Jumayev Muhammad Bekzod ismli blogerga telefon qilib, ijtimoiy tarmoqlardagi rasm va videolarni oʻchirib tashlashini soʻragan. Bloger esa 2 000ta kuzatuvchi tomonidan koʻrilgandan soʻng oʻchirishini maʼlum qilgan.
Shundan soʻng, Jumayev Muhammad yaqin tanishlari bilan birgalikda blogerni shahar tashqarisiga olib chiqib, undan internet tarmogʻidagi rasm va videolarni oʻchirib tashlashni soʻragan, lekin bloger esa internet tarmogʻiga chiqarilgan rasm va videolarni oʻchirmasligini taʼkidlagan hamda oʻziga nisbatan Jumayev Muhammad tomonidan kuch ishlatilganligini aytib, Navoiy shahar IIB boshqarmasiga murojaat qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar IIB boshqarmasi tomonidan tekshiruv-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qolaversa, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan ham mazkur holat jiddiy nazoratga olingan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati