Sendvich panelidan qurib bitkazilgan koʼp tarmoqli sport zaliga media-tur tashkil etildi

Oxirgi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini keng targʼib qilish, mamlakat sportchilarining xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etishini taʼminlash hamda ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Buning tasdigʼi sifatida Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi Toshkent tumani bolalar-oʼsmirlar sport maktabi filiali uchun sendvich panelidan 36x36 oʼlchamdagi sport zali hamda 12x24 oʼlchamdagi sunʼiy qoplamali futbol maydoni qurib bitkazilganligini aytish mumkin. Loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 120 mln soʼmni tashkil etib, qurilish ishlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mablagʼlari hisobidan amalga oshirildi.
Bugun, 19 avgust kuni Oʼzbekistondagi oʼndan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ushbu zamonaviy sport inshootiga media-tur tashkil etildi. Media-tur davomida sendvich panelidan qurib bitkazilgan sport zalining afzalliklari borasida jurnalistlarga toʼliq maʼlumot berib oʼtildi.
Yangi oʼquv yilidan foydalanishga topshiriladigan universal sport zalida mini-futbol, boks, badiiy gimnastika, erkin kurash, "Turon" jang sanʼati, karate WKF, badminton sport turlaridan qoʼshimcha sport toʼgaraklari tashkil etiladi. Natijada tuman yoshlarining qariyb 600 nafari muntazam oʼzlarining sevimli sport turlari bilan shugʼullanish imkoniyatiga ega boʼlishadi.
Ushbu sport zalida bir paytning oʼzida basketbol, mini-futbol, voleybol, gandbol va badminton sport turlari bilan shugʼullanish imkoniyati mavjud. Bir soʼz bilan aytganda, 2020/2021 oʼquv yilidan foydalanishga topshiriladigan koʼp tarmoqli sport zali Toshkent tumani bolalar va oʼsmirlar sport maktabida sportning oʼyin turlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati