Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tashkil topgan kun

1955-yilning 13-avgustida Ittifoq hukumatining "Oʻzbekiston SSR jismoniy tarbiya institutini (OʻzDJTI) taʼsis etish toʻgʻrisidagi 5972-sonli farmoyishi chiqqan.

2018-yil 5-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5368-son Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tashkil etildi.

Ushbu universitet Respublikamizda jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha yagona oliy oʻquv yurtidir. Bu yil universitet tashkil topganiga 65 yil boʻldi.

Universitetning birinchi rektori Arminak Tigranovich Kocharov boʻlgan. U 1955-yildan 1958-yilgacha institutga (hozirgi universitet) rahbarlik qilgan. Shuningdek, oʻz vaqtida Rustam Ismoilovich Ismoilov (1958-1966-yillarda), Toʻraxodjayev Xojiahmad Xodjayevich (1967-1984-yillarda), Hamroqulov Abduhamid Qodirxonovich (1985-2001-yillarda), Qudratov Ropijon Qudratovich (2001-2005-yillarda), Akramov Jasur Anvarovich (2005-2008-yillarda), Qurbanov Omiljon Abdullayevich (2009-2011-yillarda), Isroilov Shoakram Xolmatovich (2012-2018-yillarda) rahbarlik qilgan.

2018-yildan eʼtiboran universitetga iqtisod fanlari doktori, professor Boltabayev Mahmudjon Rustomovich rahbarlik qilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati