Maksim Rafalovich: Har bir bola oʻqilmagan kitob – murabbiy uni oʻrganishi, tushunishi kerak

Murabbiy boʻlish uning oʻziga yarasha qiyinchiliklariga bardosh berish hammaning qoʻlidan kelavermaydi. Bejizga uning toshi ogʻir deb qoʻyishmaydi.

Eng eʼtiborlisi, murabbiylik faoliyatini boshlashdan avval sportchi boʻlsa, demak, tanganing ikki tomoniga ham eʼtibor beradi, bu inson. Izlanuvchan, harakatchan va mehnatsevar murabbiylar safiga biz bemalol Maksim Rafalovichni ham qoʻshsak xato qilmagan boʻlamiz. Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi matbuot xizmati dastlab, sportchi nomini oʻz tanasida his etib, uning sir-asrorlarini mukammal oʻrganib, texnik-taktik tomonlarini ipidan-ignasigacha toʻliq bajara olgan holda mamlakat terma jamoasi safida turli nufuzdagi xalqaro musobaqalarda yurt sharafini munosib himoya qilgan – Osiyo chempionati sovrindori Maksim Rafalovich bilan suhbatlashdi.

– Maksim, yakka kurashning taekvondo turini tanlashingizga kim sababchi boʻlgan? Sportdagi erishgan natijalaringiz haqida oʻzingizdan eshitmoqchi edik.

– Odatda, akalar oʻz ukalarini biror-bir sport turiga yetaklab boradi bizda esa aksincha, meni ukam Nikita aynan shu sport turi bilan shugʻullana boshladi va ota-onam menga hech boʻlmasa oʻz sogʻliging uchun shugʻullanib koʻr, degan edilar. Shunday qilib, men ukam bilan birgalikda mashgʻulotlarda qatnasha boshladim, koʻplab doʻstlar orttirdim. Vaqti kelib shunchaki qiziqish men uchun katta sport eshigini ochilishiga sababchi boʻldi. Mamlakat miqyosidagi musobaqalar, xalqaro turnirlar va keyinchalik Qitʼa chempionati va Osiyo oʻyinlarida erishgan natijalarim meni terma jamoa safida oʻz oʻrnim bor ekanligini koʻrsatdi. Bilsangiz, oʻsha vaqtlarda mana shu natijalar men uchun uncha katta yutuq emasdek edi, goʻyo. Endi bilsam har bir gʻalaba, har bir medal sportchi uchun qadrli ekan.

– Gʻalabali seriyalarning boshlanishi qiyin kechmadimi?

– Albatta, magʻlubiyatsiz gʻalaba boʻlmaydi. Ketma-ket muvaffaqiyatsizlik, soʻngra 2007-yili ilk bor Mamlakat chempionatida birinchi oʻrinni egallagan boʻlsamda, 2013-yilga qadar xalqaro musobaqalarda shohsupadan joy olish nasib etmagan. Tajribam ortib borgani sari men yetakchi sportchilardan biriga aylandim, qitʼa birinchiligida ikki bor bronza medaliga ega chiqdim. Osiyo oʻyinlarida kumush va Gran-pri turnirida uchinchi oʻrindan joy oldim.

– Agarda taekvondo bilan shugʻullanmaganingizda sport qay bir turini tanlagan boʻlar edingiz?

– Ochigʻini aytsam, ota-onam bizni professional darajada shugʻullanadigan sportchi boʻlishimizni kutmaganlar, lekin guvohi boʻlganingizdek, men ham ukam ham sportdamiz. Albatta, barcha oʻsmirlar futbolga qiziqadi balki futbolchi boʻlishim mumkin edi. Taekvondoni koʻpchilik yakka kurash sanʼati deydi toʻgʻri raqib bilan ishlaysiz lekin aql bilan taktik harakat qilish taekvondoning asosiy mezoni, men bu turni shaxmatga qiyoslayman.

– Terma jamoa tarkibida edingiz va murabbiylik faoliyatini boshlash fikri qachon paydo boʻldi?

– Oʻtgan yili shunday qarorga keldim. Uning ustiga ukam Nikitaga ham har tomonlama yordam berishni niyat qildim. Ayrim vaziyatlarda inson oʻziga toʻxta deb aytmaguncha davom etaveradi. Men esa keyingi bosqichga oʻtish fursati kelganligini angladim. Demak, endi ustozlarimdek murabbiy boʻlaman.

– Murabbiy xuddi oila boshidek gap. Demoqchimanki, uyda farzand oʻz otasiga qarab shakllanib borsa mashgʻulotlarda murabbiy ham sportchilarni oʻz farzandidek koʻrib, ularga mehr bermasa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, shundaymi?

– Bejizga aytishmaydi – ustoz otangdek ulugʻ deb. Demak, murabbiy mana shu nomga munosib boʻlishi kerak. Bogʻbon niholni ekib, uni sugʻoradi, kerak vaqtda butalaydi, kerak vaqtda sovuqdan, issiqdan asraydi. Bugungi kunda qoʻl ostimda shugʻullanayotgan har bir bolaga alohida eʼtibor berib qarayman. Ular orasidan kimdir chempion boʻlar, yana kimdir boshqa sohani tanlar, lekin vaqti kelib shu sportchilar hamisha mashgʻulotlarni, murabbiylarini eslab yurishadi.

– Murabbiy ham tajriba orttirib borishi kerak, demoqchiman murabbiylar uchun sharoit yaratilganmi? Chunki bugungi kunning talabi zamon bilan hamnafas boʻlishni taqozo etadi?

– Oʻzbekiston taekvondo VT assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan murabbiylar malakasini oshirish uchun joriy yil boshida Turkiyada trenerlar kursi tashkil etildi. Mamlakatimizda ham amaliy va nazariy seminarlar oʻtkazildi.

– Ayni shu kunlarda vaziyat ogʻir va karantin holatida murabbiy oʻzini qanday tutishi kerak, deb oʻylaysiz?

– Barcha murabbiylar bilan birgalikda ish rejasini tuzib olganmiz va albatta, bu hol bizni yangi tajriba asosida ish olib borishga oʻrgatdi. Zoom platformasi orqali sportchilar bilan onlayn mashgʻulotlar olib boryapmiz, muhimi ruhiy tetiklik va jismoniy holatni yoʻqotmaslik kerak.

– Asosiy ish uslubingiz qanday?

– Murabbiy oʻz shogirdiga vazifa berdimi, albatta, uni natijasini soʻrash kerak. Har bir bola oʻqilmagan kitob – demak sportchining kayfiyatiga qarab u bilan gaplashishni, qalbiga quloq solishni oʻrganish murabbiy uchun muhim. Qachonki sportchi bilan til topisha olsangiz oʻshanda yaxshi natijaga erishish mumkin.

– Sizni koʻproq kimlar qoʻllab-quvvatlaydi?

– Tushkun kayfiyatda boʻlasizmi, xursandchilik onlaridami hamisha ota-onam, oilam va ukam meni qoʻllab-quvvatlab turadi. Oiladek muqaddas goʻsha boʻlmasa kerak inson uchun. Kerak boʻlsa, ular bizning gʻalabalarimiz uchun oʻzlarini qurbon qilishga ham tayyor. Men ularga taʼzim qilaman – yutuqlarim va hayotda oʻz oʻrnimni topganim uchun.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati