Germaniyada oʻtkazilgan musobaqada oʻzbek chavandozi ikkinchi natijani qayd etdi

Joriy yilning 23-27-iyul kunlari Germaniyaning Niyenburg shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha “32. Nienburg Reiterfest” turniri oʻtkazildi.
Ushbu musobaqada ishtirok etgan hamyurtimiz Bekzod Qurbonov yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bu haqda MOQ Matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Bahslar yakuniga koʻra balandligi 135 sm boʻlgan toʻsiqlardan oʻtish bellashuvlarida Bekzod 60 nafar sportchisi orasida musobaqaning kumush medaliga sazovor boʻldi. 70 nafar ishtirokchi bahs olib borgan balandligi 140 sm.ni tashkil etgan yoʻnalishda esa sportchimiz bronza medali bilan taqdirlandi.
Eslatib oʻtamiz, Bekzod Qurbonov Las-Vegas (AQSH)da boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan “FEI World Cup 2020” musobaqasining final bosqichiga yoʻllanma olgan. Vakilimiz mazkur nufuzli musobaqaga tayyorgarlik koʻrish uchun Germaniyaga yoʻl olgan, biroq koronavirus sababli chavandozimiz Yevropa arenalarida oʻz ishtiroklarini vaqtinchalik toʻxtatgan edi. Hozirgi kunga kelib, musobaqalarning qayta boshlaganligi tufayli Qurbonov yurtimiz sharafini himoya qilishda davom etmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati