Yana bir bokschimiz chempionlik kamari uchun ringga chiqadi

Isteʼdodli yosh bokschimiz Ravshan Mahammadjonov tez orada yoshlar (24 yoshgacha boʻlgan bokschilar) oʻrtasidagi WBC chempionlik kamari uchun ringga koʻtariladi.

“Oqtepa” boks klubi aʼzosi hisoblangan 21 yoshli charm qoʻlqop ustamizning chempionlik jangi sentyabr oyiga moʻljallanmoqda. Hozirda jang yuzasidan promouter va menejerlarning muzokarasi davom etmoqda.

“Bu kamar biz uchun juda ham muhim. Ravshan boʻlajak jangda gʻalaba qozonsa, reytingda Top-20ga kirib oladi. Ayni paytda raqiblar bilan muzokara oʻtkazyapmiz. Juda katta ehtimol bilan uning raqibi ukrainalik 20 yashar Vladimir Gordiyenko boʻladi. Aynan shu raqibni bizga WBC taqdim etmoqda. Jang neytral davlat hududidagi boks oqshomlarining biri doirasida oʻtkaziladi”, dedi bokschining murabbiyi Zufar Sulaymonov olamsport.comʻga bergan intervyusida.

Maʼlumot uchun, Ravshan Mahammadjonov prof ringda 10 ta jang oʻtkazib, ularning barchasida gʻalaba qozongan. Yettita jangda raqiblarini muddatidan avval magʻlub etgan. Gordiyenko esa prof boksda oʻtkazgan 9 ta jangining 8 tasida zafar quchgan. Uchta jangni nokaut bilan yakunlagan. Hisobida bitta magʻlubiyat bor.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati