Sportchilar Prezident Shavkat Mirziyoyevga tabrik yoʻlladi
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Avvalo Sizni bugungi qutlugʻ sana munosabati bilan mamlakatimiz sport jamoatchiligi nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Sir emaski, Sizning rahbarligingiz ostida jonajon Oʻzbekistonimiz oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga koʻtarildi va bunga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz.
Jahon hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrnini topishga intilayotgan respublikamizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalar bilan bir qatorda jismoniy tarbiya va sportga ham alohida eʼtibor qaratilmoqdaki, bundan barchamiz behad mamnunmiz.
Pandemiya sharoitida, qolaversa mamlakatimiz uchun sinovli kelgan joriy yilda ham Sizning rahnamoligingiz ostida biz sportchilarga barcha sharoitlar bekamu-koʻst yaratib berilmoqda. Buning uchun Sizga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz va jahon arenalarida mustaqil Oʻzbekiston bayrogʻini yana-da yuqori koʻtarishga astoydil harakat qilamiz. Zotan, har bir davlatni kuch va qudratini belgilovchi asosiy omil – bu jismonan sogʻlom va har tomonlama rivojlangan avloddir, deb bejiz aytmagansiz va biz sporchilar ana shu ishonch va mehr-muhabbatingizga oʻz gʻalabalarimiz bilan javob qaytaramiz.
Yana bir bora tugʻilgan kuningiz muborak boʻlsin!
Oʻzbekiston Respublikasi sportchilari nomidan