Shavkat Mirziyoyev 63 yoshni qarshi oldi

Bugun, 24-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 63 yoshni qarshi oldi.

Keyingi paytlarda Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi tutgan oʻrni bir necha barobar yuksaldi. Bunga mamlakatimiz Prezidentining tinimsiz sayi-harakatlari natijasida erishmoqdamiz.

Tan olish kerak, Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbarligiga kelganiga salkam to'rt yil boʻlgan boʻlsada, biz mana shu qisqa muddat ichida bir necha oʻn yillikning yutuqlarini qoʻlga kiritdik. Har bir sohada oʻsish, koʻtarilish koʻzga tashlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzbek xalqida ertangi kunga ishonchni qayta jonlantira olgan shaxs sifatida gavdalandi...

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957-yil 24-iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tugʻilgan. Millati – oʻzbek. Oliy maʼlumotli, 1981-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta oʻqituvchi, dotsent, oʻquv ishlari boʻyicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990-yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat koʻrsatdi.

1992-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001-yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003-yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M.Mirziyoyev 2003-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Sh.M.Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslahatdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Sh.M.Mirziyoyev Hukumat boshligʻi sifatida keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash, yirik va noyob loyihalarni hayotga joriy etish, xususiy mulkni ustuvor darajada rivojlantirish, iqtisodiyotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini keskin oshirish hamda ularning huquqiy himoyasini yana-da mustahkamlashda oʻzining yuksak salohiyati va mohir tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etdi.

Mamlakat iqtisodiyotini industrial rivojlantirish, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, agrar sohani tubdan isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini taraqqiy toptirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va aholini kafolatlangan va arzon mahsulotlar bilan taʼminlash ishlariga ustuvor darajada eʼtibor qaratdi. 

Yurtimizning barcha hududlarida ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini olib borish, aholiga sifatli kommunal xizmat koʻrsatish, respublikaning shahar va tumanlari, ayniqsa, uzoq qishloq tumanlarini kompleks rivojlantirish orqali aholining turmush va mehnat sharoitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli va samarali tadbirlarni amalga oshirdi.

Sh.M.Mirziyoyevning faoliyatida sotsial-iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda taʼlim, fan, sogʻliqni saqlash tizimlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, yoshlarning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni kuchli muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida muhim oʻrin egalladi.

Oʻzini oʻzi boshqarishning noyob instituti boʻlgan mahallaning nufuzi va obroʻsini yana-da oshirish, shuningdek, boshqa jamoat tashkilotlarini demokratik islohotlarga keng jalb etish orqali jamiyatda ularning mavqeini mustahkamlash, milliy maʼnaviy qadriyatlarni eʼzozlash va izchil rivojlantirish ishlariga yuqori darajada eʼtibor qaratdi.

Qayd etilganlar bilan bir qatorda, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan har tomonlama oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish orqali mamlakatimizning milliy manfaatlariga va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan kelishuvlarga erishishda bevosita rahbarlik qildi.

2016-yil 8-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida parlament palatalarining qoʻshma qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

19-oktyabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdi boʻlib oʻtdi. Unda partiya siyosiy kengashi aʼzosi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilindi. 2016-yil 4-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Prezident saylovi yakunlari boʻyicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016-yil 14-dekabrda rasman oʻz vazifasini bajarishga kirishdi.

Sh.M.Mirziyoyev oilali, ikki qiz, bir oʻgʻli, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Z.M. Mirziyoyeva – mutaxassisligi boʻyicha muhandis-iqtisodchi.

Sh.M.Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi koʻp yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qoʻshgani uchun “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati