Oʻzbekiston Superligasi qachondan davom ettirilishi aniq boʻldi. Endi u oʻzgacha koʻrinishda boʻladi

Xabaringiz bor, oldinroq Oʻzbekiston Superligasining 10-tur uchrashuvlari qoldirilgani haqida maʼlumot bergan edik.
“4-tur uchrashuvlaridan boshlab qayta tiklangan Oʻzbekiston Superligasining yana 6 tur uchrashuvlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. 10-tur arafasida esa jamoalarda kasallanish holatlari paydo boʻla boshladi. Shundan kelib chiqib, OʻzPFL iyul oyining soʻnggi oʻn kunligiga reja qilingan 10-11 tur uchrashuvlarini qoldirishga majbur boʻldi.
Kuz faslining har bir oyida OʻzPFL 10 kundan muddatni milliy terma jamoaga berishiga toʻgʻri keladi. Demak, umumiy yana 30 kun davomida milliy chempionat oʻyinlarini oʻtkazishning iloji boʻlmaydi. Shundan kelib chiqib, OʻzPFL vaqtdan yutkazmaslik uchun Superliganing 1-davrasini markazlashtirilgan holda yakunlashga qaror qildi. Rejaga koʻra, 3-avgustdan boshlab Superliga qayta tiklanadi hamda 15-avgust kuni 1-davra oʻz yakuniga etadi. Yakshanbadan tashqari har kuni futbol uchrashuvlari oʻtkaziladi. Yakshanba kunlarida esa klublar umumiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Bunda har bir klub oʻzi istiqomat qiladigan obyektdan faqatgina mashgʻulot va oʻyin maydonlariga oʻz avtobusida safar etadi. Klublar qarorgohi talab etilgan kunlarda muntazam dezinfeksiya qilinadi. Har bir klub joy olgan obyekt nazoratda boʻlib, delegatsiya oldiga begona kishilar qoʻyilmaydi. Ikki hafta davomida futbolchilar ham boshqa yumush bilan tashqariga chiqarilmaydi.
Shuningdek, OʻzPFL OʻFA yordamida hakamlar brigadalarini ham alohida obyektda boʻlishlarini taʼminlaydi. Ular ham karantin qoidalariga toʻla amal qilishi taʼminlanadi. 15-avgustga qadar mamlakatdagi vaziyat yaxshilansa, Oʻzbekiston kubogi uchrashuvlaridan boshlab uy-safar tizimiga qaytiladi. Bu qaror holatning qanday kechishidan kelib chiqib, qayta muhokama qilinadi.
Markazlashgan musobaqada kuniga 3 tadan ortiq uchrashuv oʻtkazilmaydi. Bu holat nafaqat translyatsiya huquqiga egalik qiluvchi Sport-TV uchun, balki boshqa OAV uchun ham qulaylik yaratadi. Quyida uchrashuvlar taqvimi bilan tanishish imkoniyati bor. Qaysi uchrashuvning qaysi maydonda oʻtishi masalasiga OʻzPFL kelayotgan hafta aniqlik kiritadi” deyiladi OʻzPFLning xabarida.
Coca Cola Superliga. 10-tur
3-avgust, dushanba
NASAF — SOʻGʻDIYONA
BUNYODKOR — METALLURG
AGMK — LOKOMOTIV
4-avgust, seshanba
QOʻQON-1912 — PAXTAKOR
MASHʼAL — ANDIJON
QIZILQUM — BUXORO
5-avgust, chorshanba
SURXON — NAVBAHOR
11-tur
6-avgust, payshanba
SOʻGʻDIYONA — BUNYODKOR
7-avgust, juma
PAXTAKOR — NASAF
ANDIJON — AGMK
LOKOMOTIV — QOʻQON-1912
8-avgust, shanba
NAVBAHOR — MASHʼAL
METALLURG — QIZILQUM
BUXORO — SURXON
12-tur
10-avgust, dushanba
NASAF — Bunyodkor
QOʻQON-1912 — ANDIJON
PAXTAKOR — LOKOMOTIV
11-avgust, seshanba
AGMK — NAVBAHOR
SURXON — METALLURG
QIZILQUM — SOʻGʻDIYONA
12-avgust, chorshanba
MASHʼAL — BUXORO
13-tur
13-avgust, payshanba
ANDIJON — PAXTAKOR
LOKOMOTIV — NASAF
14-avgust, juma
SOʻGʻDIYONA — SURXON
NAVBAHOR — QOʻQON-1912
BUNYODKOR — QIZILQUM
15-avgust, shanba
BUXORO — AGMK
METALLURG — MASHʼAL.
“3-avgustga qadar jamoalarda bugungi kundagi vaziyat haqida etarlicha xulosa chiqarish, kasallangan futbolchilarga gʻamxoʻrlik qilish va ularni oyoqqa turgʻazishda imkoniyat boʻladi. 3-avgustdan boshlab esa ehtimoliy kasallanishi mumkin boʻlgan futbolchilar masalasi bilan shugʻullanish uchun SEOA yordamida alohida komissiya tuziladi. Bunda kasallangan futbolchi bilan yaqin muloqotda boʻlganlar tarixi oʻrganiladi va ular belgilangan tartibda izolyatsiyaga olinadi. Futbolchilarga va klublar personallariga mashgʻulotlardan tashqari vaqtlarda bir-birlaridan masofa saqlash tavsiya etiladi. Zero jamoaning keyingi natijalariga bu oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Har bir klub asosiy tarkibida 45 nafargacha futbolchi roʻyxatdan oʻtkazilganidan kelib chiqib, ehtimoliy kasallangan futbolchilar maydonga tusha olmasa, ularning oʻrni boshqa futbolchilar bilan toʻldiriladi. Yaʼni, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan va intizomi kuchli boʻlgan klublar bundan tabiiyki yutadi”, deb yozmoqda OʻzPFL.
OʻzPFL oson boʻlmagan davrda futbol klublarini bir yoqadan bosh chiqarishga, oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondoshishga chaqiradi hamda futbol jamoatchiligiga salomatlik tilaydi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati