Paralimpiya assotsiatsiyasi karantin davridagi dolzarb masalalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi

Bugun Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan xodimlar va trenerlarning masofaviy ish faoliyatini toʻgʻri tashkillashtirish hamda uni nazorat qilish boʻyicha navbatdagi onlayn videokonferensiya tashkil etildi. Unda assotsiatsiya xodimlari, shifokorlar va trenerlar ishtirok etishdi.
Yigʻilishni assotsiatsiya raisi Muxtorxon Tashxodjayev kirish soʻzi bilan ochib berdi. Soʻngra, uni Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari Sharipjan Mominjanov olib bordi. Kun tartibiga qoʻyilgan asosiy masalalar sportchilarning onlayn mashgʻulotlarini koʻngildagidek tashkil etish va buning uchun ularga zarur sharoitlar yaratib berish, hozirgi pandemiya sharoitida sportchilarning tibbiy holatini muntazam kuzatib borish va bu boradagi ishlarni yana-da takomillashtirishdan iborat boʻldi. Shuningdek, yigʻilishda masofadan turib faoliyat olib borayotgan har bir xodimning ishini nazoratga olish, shuningdek, Paralimpiya assotsiatsiyada tashkil etilgan trenerler kengashi va har bir sport turlari boʻyicha tuzilgan trenerlar kengashining faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlash kerakki, Paralimpiya assotsiatsiyasida kasaba uyushmasi faoliyati yana qayta tiklandi va uyushma aʼzolari qaytadan saylangani eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, assotsiatsiya matbuot xizmatiga har kuni assotsiatsiya sportchilari, trenerlar va shifokorlar ishtirokida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarni onlayn tarzda tashkil etish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazayotganliklarini aks ettiruvchi turli videolavhalar tayyorlash vazifasi topshirildi.
Eng muhimi, assotsiatsiya shifokorlaridan karantin davrida koronavirus borasida sportchilar va trenerlar oʻrtasida maxsus videokonferensiyalar oʻtkazish, bu orqali ularning tibbiy bilimini oshirish kerakligi aytildi va ularga assotsiatsiya xodimlari, sportchilar va trenerlarning salomatligini muntazam nazorat qilish hamda bu borada rahbariyatga kunlik axborot topshirish vazifasi ham yuklatildi.
Yigʻilish soʻnggida rahbariyat tomonidan tashkilotda faoliyat olib boruvchi barcha xodimlar va mutaxassislarga oʻz ishlariga sidqidildan yondashishi lozimligi hamda bu kabi videokonferensiyalar muntazam ravishda tashkil etilishi belgilab berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati