Oʼzbekiston qilichbozlik federatsiyasi ham onlayn oʼquv-mashgʼulotlarni boshladi

Oʼzbekiston qilichbozlik federatsiyasi tashabbusi bilan respublikamizning barcha viloyatlaridan iqtidorli qilichbozlarni jalb qilgan holda ZOOM ilovasi orqali onlayn oʼquv-yigʼin mashgʼulotlarini boshladi.
Mazkur oʼquv-mashgʼulotlar uchta platformada kuniga ikki marta yani, ertalab va kechki payt har xil yosh toifalari ishtirokida oʼtkazilmoqda.
Birinchi platformada qilichbozlik boʼyicha terma jamoaning 104 nafar sportchilari, ikkinchi platformada 2005-2007 yillarda tugʼilgan 111 nafar sportchilar hamda uchinchi platformada 2008 yilda tugʼilgan 103 nafar sportchilar qamrab olindi.
Ushbu mashgʼulotlar qilichbozlik boʼyicha mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda. Jumladan, qilichbozlikning sablya yunalishida uchkarra Olimpiada chempioni, ikkikarra kumush va bir marta Olimpiya uyinlarining bronza medali sohibi Nazlimov Vladimir Аliverovich, bolgariyalik murabbiy Kamadjiev Martin hamda shpaga yunalishi buyicha venesuelalik mutaxassis – Xose Benavideslar olib borishmokda.
Bundan koʼzlangan asosiy maqsad-sportchilar eʼtiborini umumiy jismoniy tayyorgarlik hamda maxsus mashgʼulotlarga jalb qilishga qaratilgan.
Bundan tashqari, har kuni rejaga muvofiq qilichbozlik federatsiyasi sport shifokorlari, sport dietologi sportchilar bilan onlayn seminarlar oʼtkazmoqda.
Shu bilan bir qatorda hozirgi kunda sportchilar uchun alohida onlayn dars tashkil etilgan boʼlib, unda qilichbozlarning bilimlarini yanada oshirish maqsadida ingliz tili saboqlari berib borilmoqda.
Maʼlumot oʼrnida taʼkidlash joiz, yaqin kunlarda qilichbozlik boʼyicha birinchi Respublika onlayn musobaqasi oʼtkazilishi rejalashtirilgan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati