Olimpiya oʻyinlarida boks boʻyicha bahslarning yoshga doir cheklovlari oʻzgardi

Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Tokioda oʻtkaziladigan Olimpiadada boks musobaqalarining yoshga doir cheklovlarini oʻzgartirdi. Bu borada litsenzion turnir va oʻyinlarning oʻzi uchun yana bir yil qoʻshib berildi.
Oʻzbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, endi bahslarda 41 yoshli bokschilar ham qatnashishi mumkin boʻladi. 1980-yilning 1-yanvaridan 2002-yilning 31-dekabri oraligʻida tavallud topgan charm qoʻlqop ustalari Tokio Olimpiadasi va uning kvalifikatsion bahslarida ishtirok eta olishi mumkin.
Maʼlumot uchun, hozirga kelib 43 mamlakatdan 112 nafar bokschi Tokiodagi oʻyinlarga litsenziyani qoʻlga kiritib boʻlgan. Navbatdagi litsenzion turnirlarda yana 174 yoʻllanma oʻz egasini kutmoqda. Ushbu turnirlar 2021-yilda tashkil etiladi.
Eslatib oʻtamiz, shu kungacha Oʻzbekiston terma jamoasining 7 nafar bokschisi Tokio Olimpiadasi litsenziyalarini naqd qilib ulgurgan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati