Mahmud Qoshgʻariy asarlarida jismoniy tarbiya va sport mavzusi

Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad al–Qoshgʻariy – XI asrning qomusiy olimi, fiqh va hadis ilmining bilimdonidir. Qoshgʻarda tugʻilgan, qoraxoniylar davlatining poytaxti Bolasogʻunda yashagan.

Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit–turk” asari (1068) turkiy ensiklopediya koʻrinishida boʻlib, unda umumiy tarixiy-madaniy, etnografik va tilshunoslik maʼlumotlari toʻplangan va jamlangan. “Devon” – madaniyat yodgorligi boʻlib, oʻzida axloqiy qadriyatlar va tarbiya tartiblarini, avvalgi ajdodlardan barcha merosni oʻzlashtirgan hamda XI asrdagi xalqlarning oʻziga xos dunyoqarashini jamlagan. Kitobda qadimiy zoroastr-shomoniylik dunyoqarashlari bilan birga, yangi mafkura – islom va soʻfiylik kabi tarmoqlar tasvirlangan.

Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk” asari oʻzbek tiliga professor Solih Mutallibi tomonidan tarjima qilingan va 1960-1963-yillar Toshkentda nashr etilgan.

Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad al–Qoshgʻariy qadimgi turkman, oʻgʻuz, yagʻmo, qirgʻiz xalqlarining shaharu qishloqlarini kezib chiqib, ularning soʻz va atamalari toʻgʻrisida lugʻat-qomus tuzish niyatida turkiy urugʻlarning soʻzlarini toʻplagan. U turli xil soʻz maʼnolarini oʻrgandi, ularni chiroyli qilib tartibga solib “Devonu Lugʻatit-turk”, yani turkiy soʻzlar devonini olti yil davomida yozgan. Bu devonda Turkistondan to Termizgacha, Kasbiy Orol sohillaridan Tangritogʻ (Tyan-Shan) togʻi etaklarigacha boʻlgan hududda yashagan xalqlar tarixi, oʻlkamiz geografiyasi, urugʻ, qabila, elatlarning til xususiyatlarini, soʻz atamalarini oʻz davriga nisbatan mukammal darajada oʻrganib chiqdi.

Mahmud Qoshgʻariyning biz uchun qimmatli boʻlgan ushbu asarida jismoniy tarbiya va sportga oid masalalarga ham toʻxtalganini eʼtirof etish joiz.

Mahmud Qoshgʻariy oʻzining “Devonu Lugʻatit-turk” asarida sportning suzish turiga alohida eʼtibor beradi. Suvda choʻmilish, suv kechish, suvda quvish, shoʻngʻish musobaqalari Oʻrta Osiyo elatlari oʻrtasida keng tarqalganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar beradi.

Mahmud Qoshgʻariy devonining yana bir muhim xususiyati shundaki, unda xalq oʻyinlarining 150 ga yaqin turi tilga olinadi va shundan 20 ga yaqin oʻyinlarga batafsil taʼrif beriladi.

Olim oʻyin turlari, oʻyinlarning bolalar va kattalarning yosh xususiyatlariga nisbatan taqsimoti, mashgʻulot, musobaqa turlarini bayon qiladi. Ushbu asardan oʻsha davrda kurash sport turi ham mavjudligini bilib olamiz. Bayram vaqtlarida oʻtkaziladigan jismoniy mashqlar orasida qoʻlda maxsus tayoq bilan ot chopib oʻynaladigan chovgon (toʻp) oʻyini ham mashhur boʻlgan. Chavgon oʻyini – Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy va sevimli ot sporti oʻyinlaridan boʻlganligini anglatadi.

Mahmud Qoshgʻariy chavgon oʻyinining taʼrifini, qoidalarini, maydonning oʻlchamidan tortib, darvoza va koptokning oʻlchami va nimadan tayyorlanganigacha batafsil maʼlumot bergan.

Devonda oʻsha davrda otda poyga chopish, quvlashish, tez yoʻrtib yurish, yoʻrgʻalatib yurish, toqqa chiqish, pastlikka tushish kabi “bahs”lar bayoni ham keltirilgan.

Hozirda biz “sport musobaqalari” deb ishlatadigan iboramizni Mahmud Qoshgʻariy devonida oʻsha davrda “bahs” iborasi bilan atagan.

Shuni ham alohida eʼtirof etish kerakki, oʻsha davrda merganlikda bahs qilishga alohida eʼtibor berilgan. Uning turlari juda koʻp boʻlgan. Jumladan: oʻq-yoy otib, qush va xayvonlarni ovlash, arqon taxtali sopqonlarda tosh otmoq, balandga ilib qoʻyilgan qovoqni moʻljalga olib otmoq kabi. Qovoqni moʻljalga olish “Oltin qovoq” bahsi deb atalgan. Bunday bahslarning qoida va shartlari, xillari, gʻoliblarga beriladigan sovrinlar, asbob-anjomlarning nomlari batafsil bayon etilgan.

Xalqimiz oʻrtasida keng rivojlangan oʻyinlardan biri kurash haqida yuqorida kisqacha toʻxtaldik. Kurash bahslari ham turlicha boʻlgan: bagʻdodi, chalish, yeng silkish, boʻyin qayirish kabi.

Devonda bolalar oʻyinlari ham koʻp uchraydi. Ularning baʼzilari yoʻl-yoʻlakay sanab oʻtilgan boʻlsa, ayrimlari tafsiloti bilan keltirilgan. “Jangli-mangli” degan oʻyinning ham tavsifi qiziqarli.

Oshiq oʻyini, toʻp oʻyini, choʻpon bolalar oʻyinlari, chillak oʻyinlari, qizlarning argʻimchoq oʻyinigacha sanab oʻtilgan. Ayrim keltirilgan oʻyinlar bugungacha oʻynalayotgan oʻyinlarni eslatadi. Masalan, “oʻtish-oʻtish” deb atalgan oʻyin, “kesak qoʻydi”, “darra soldi” – “musht ketti” oʻyinlariga oʻxshab ketadi.

Devonda keltirilgan “Oqsuyak” oʻyini XV asrda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida ham uchraydi. Koʻp joyda “Oqsungak”, “Oqsuyak” tarzida ishlatilgan. Hozirgi bolalar ham “Oqsuyak” oʻyinini oʻsha tarzdagi qoida asosida oʻynaydilar.

Eʼtibor berib qarasak, bu oʻyin yer kurrasining koʻp joylarida uchraydi. Insonlar orasidagi munosabatlarda xarakatli oʻyinlar chegara bilmaydi.

Z.Rasulov – Jismoniy tarbiya va sport vazirining
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini
taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi

M.Akbarova – Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha
mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash,
qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazining
Axborot resurs markazi boshligʻi