Samarqandning “Dinamo” klubi yangi murabbiy bilan shartnoma imzoladi

Samarqandning “Dinamo” klubi Pro ligadagi ishtirokini yangi murabbiy bilan davom ettiradigan boʻldi. Bu haqda 11-iyul kuni “Dinamo” jamoasi qarorgohida oʻtkazilgan yigʻilishda maʼlum qilindi.

Yigʻilishda Samarqand viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Roʻziyev, klub rahbariyati va jamoa futbolchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Shuhrat Roʻziyev “Dinamo” jamoasining bu yilgi maqsad va vazifalari haqida atroflicha soʻz yuritib, joriy mavsumda viloyat rahbariyati va homiylar tomonidan klub oldiga eng avvalo Superligaga chiqish vazifasi qoʻyilganligi, shu maqsadda oʻzbek futbolida oʻz oʻrniga ega boʻlgan taniqli mutaxassis Sergey Lushchan “Dinamo” klubi bosh murabbiyi etib tayinlanganligini eʼlon qilib, Sergey Ivanovichni jamoaga tanishtirdi. Unga katta murabbiy sifatida Muhitdin Ortiqov yordam beradi.

Shundan soʻng, Sergey Lushchan soʻzga chiqib, bildirilgan ishonchga munosib boʻlish hamda yangi jamoaning rivoji uchun bor kuch va tajribasini ishga solishini aytib oʻtdi.

“Dinamo” PFK bosh direktori Uchqun Qobilov ham soʻzga chiqarkan, viloyat rahbariyati va klub homiylari hamda samarqandlik minglab muxlislar ishonchini oqlash uchun yangi bosh murabbiy bilan birga jamoa ravnaqi va Superligaga chiqishi uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinishini taʼkidladi.

Samarqand viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov va klub homiylari tomonidan Sergey Lushchan oldiga “Dinamo” klubini Superligaga olib chiqish, samarqandlik yosh futbolchilarni kashf etib, katta futbolga qadam qoʻyishga koʻmaklashish kabi maqsad va vazifalar qoʻyilganligi maʼlum qilindi.

Toshkentning “Bunyodkor” hamda Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasidagi yorqin faoliyati bilan oʻzbek futbolining bugungi kundagi yorqin vakillari Eldor Shomurodov, Sardor Rashidov, Otabek Shukurov, Dostonbek Hamdamov, Rustam Ashurmatov, Akromjon Komilov va yana bir qator nomlarning kashf etilishiga munosib hissa qoʻshgan Sergey Ivanovichning Samarqand futbolidan ham yangi nomlar chiqarishiga ishonamiz.

Maʼlumot uchun, Sergey Ivanovich Lushchan 1973-yil, 9-aprel kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. Futbolchilik faoliyati davomida “Maʼdanchi” (Bekobod) (1992-93), “Okean” (Rossiya), “Krilya Sovetov” (Rossiya), “Rostelmash” (Rossiya), “Uralan” (Rossiya), “Metallurg” (Rossiya), “Yunit” (Rossiya), “Bunyodkor” (Toshkent) (2007-2008) klublarida toʻp surgan.

1998-2003-yillarda Oʻzbekiston milliy jamoasi aʼzosi edi. Murabbiylik faoliyatida “Bunyodkor” (yoshlar) (2011-2013), Oʻzbekiston yoshlar jamoasi U-19 (2014), “Bunyodkor” (2014-2017), “Soʻgʻdiyona” (2018-2019) jamoalarida ishlagan.

Murabbiy sifatida yutuqlari: “Bunyodkor” klubi bilan Oʻzbekiston chempionati kumush medali sohibi (2016), kubok finalchisi (2017), Osiyo chempionlar ligasi ishtirokchisi.

Manba: “Dinamo” klubi matbuot xizmati.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati