Sport fidoyisi Fikrat Kerimov 65 yoshga toʻldi

Bugun oʻzbek sportining haqiqiy fidoyisi, koʻplab sportchi va trenerlarga ustozlik qilgan jonkuyar inson Fikrat Azizovich Kerimov 65 yoshga toʻldi.

Fikrat Kerimov 1955-yil 6-iyul kuni Buxoro viloyati Olot tumanida tugʻilgan. Polvonlar yurtida tugʻilgani uchunmi yoshligidan kurash turlariga qiziqishi kuchli edi va ana shu qiziqish uni erkin kurash toʻgaragi tomon yetakladi.

Qisqa muddatda sezilarli yutuqlarga erishib, terma jamoa safidan joy oldi hamda 1980-yilgi Moskva olimpiadasida qatnashdi. Erkin kurash boʻyicha sport ustasi darajasiga erishgan Fikrat Azizovich FILA aʼzosi, shu bilan birga erkin va yunon-rum kurashi boʻyicha xalqaro toifadagi hakam sanaladi.

Fikrat Kerimov dunyoda armrestling sporti rivojiga ham salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan insonlardan. Bejizga uni Butunjahon Armrestling federatsiyasi – WAF aʼzoligiga qabul qilishmagan. Qolaversa, tajribali ustoz ushbu sport turi boʻyicha xalqaro toifadagi hakam, olti karra Osiyo chempioni boʻlgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Armrestling federatsiyasi vitse-prezidenti hamda Osiyo Armrestling federatsiyasi bosh kotibi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Fikrat Azizovich yurtimizda jismoniy tarbiya va sport nazariyasini yaratish borasida ham samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. U koʻp sonli bakalavr, magistrant, mustaqil tadqiqotchi, malaka oshirish oʻquv kurslari tinglovchilariga dars berish bilan birga oʻzi ham ular bilan bab-baravar oʻqidi, oʻrgandi. Sport sohasi boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borish natijasida nomzodlik, doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Akademik ilmiy darajasiga erishdi.

Uning erkin kurash boʻyicha yozgan kitobi Germaniyada oʻtkazilgan “Yilning 10 ta eng yaxshi kitobi” roʻyxatiga kiritilgan va davlat sport qoʻmitasi sovriniga sazovor boʻlgan. Fikrat Kerimovning shu kungacha jami 250 dan ortiq ilmiy ishlari chop ettirilgan boʻlib, shundan 5tasi darslik, 10tasi uslubiy qoʻllanma, qolaversa chet el nashrlarida chop etilgan 50dan ortiq ilmiy maqolalari, shuningdek, Respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlardagi maʼruzalari shular jumlasidan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jamoasi Fikrat Kerimovni bugungi tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati