WBA bokschilarning yangilangan reytingini eʼlon qildi

Kuni kecha Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) professional boksda faoliyatini olib borayotgan bokschilarning yangilangan reytingini eʼlon qildi.

Olamsport.com nashrining maʼlum qilishicha, ushbu reytingdan olti nafar oʻzbekistonlik bokschi oʻrin olgan.

Eʼlon qilingan reytingda Murodjon Ahmadaliyev ikkinchi yengil vazn toifasida (-55,3 kg) chempion sifatida qayd etilgan. Ahmadaliyev shuningdek IBF yoʻnalishi chempioni ham hisoblanadi.

Birinchi yarim oʻrta vazn toifasida (-63,5 kg) ikki bokschimiz oʻrin almashgan. Shahram Gʻiyosov yettinchi oʻrindan oltinchi oʻringa koʻtarilgan. Shohjahon esa mos ravishda oltinchi oʻrindan yettinchi pogʻonaga tushgan.

Birinchi oʻrta vazn (-69,85 kg) toifasida Isroil Madrimov esa hamon ikkinchi oʻrinda turibdi. Eslatib oʻtamiz, hamyurtimiz bu vazn toifasida kamar uchun majburiy daʼvogar hisoblanadi.

Ikkinchi oʻrta vazn toifasidagi bokschimiz Bektemir Meliqoʻziyev (-76,2 kg) esa 15-oʻrindan 14-oʻringa koʻtarilgan boʻlsa, yarimogʻir vazn toifasida (-79,3 kg) Rustam Toʻlaganov ham TOP-15dagi oʻrnini saqlab qolgan – 15-oʻrin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati