“Yilning eng faol sport jurnalisti” ijodiy tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yoʻlladi. Unda shunday jumlalar bor: “Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik eʼtiborini qaratayotganini alohida qayd etish lozim”.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ham jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatini faol targʻib etish, mamlakatimiz aholisi, xususan yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini keng ommalashtirish yoʻlida fidokorona xizmat qilib kelayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist hamda blogerlarning mehnatini yuksak qadrlaydi.

27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan 2004-yildan buyon vazirlik tomonidan “Yilning eng faol sport jurnalisti” ijodiy tanlovi oʻtkazib kelinadi va uning gʻoliblari har safar jurnalistlarning kasb bayrami arafasida taqdirlanadi. Bu safar ham shunday boʻldi.

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtkazilgan tadbirda joriy yilgi ijodiy tanlov gʻoliblari bilan bir qatorda sport tadbirlari va musobaqalari, xalqaro arenalarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilar va ularning ustozlari, sport taʼlim muassasalari va inshootlari faoliyatini faol yoritib kelayotgan OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov ham ishtirok etdi va jurnalistlarni kasb bayrami bilan muborakbod etdi.

- Barchangizni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan vazirligimiz nomidan samimiy qutlayman. Sizlar biz uchun taʼbir joiz boʻlsa oyna vazifasini oʻtab bermoqdasiz. Sportchilarimiz qayerlarda xatoga yoʻl qoʻyishmoqda, yana nimalarga ahamiyat qaratish lozim, sportimizdagi muammolar nimadan iborat? Bu kabi savollarga kerak boʻlsa mutaxassislardan avval jurnalistlarimiz eʼtibor qaratishmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, bugungi muvaffaqiyatlarimiz zamirida siz jurnalistlarning ham hissangiz beqiyos, - dedi Ravshan Sayfiddinovich.

“Yilning eng faol sport jurnalisti” tanloviga qiziqish bu yil har qachongidan yuqori boʻldi. Hakamlar hayʼati ham gʻolib va sovrindorlarni aniqlashda qiynalishdi. Yakunda tanlovning gʻolib va sovrindorlari uchligi qoʻyidagicha koʻrinish oldi.

1-oʻrin: Akbarali Allayev – “Sport” telekanali bosh muharrir oʻrinbosari;

2-oʻrin: Kamoliddin Alimov – www.olamsport.com sayti bosh muharriri;

3-oʻrin: Toʻlqin Roʻziyev – “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri.

Shuningdek, tadbirda yil davomida jismoniy tarbiya va sportni faol targʻib qilib kelayotgan bir guruh jurnalist va ijodkorlar “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi: koʻkrak nishoni hamda vazirlikning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati