“Tokio – 2020“ Olimpiya oʻyinlari sababli nufuzli musobaqa boshqa sanaga koʻchirildi

V Islom birdamlik oʻyinlari 2021-yilning 10-19-sentyabr kunlari Turkiyaning Konya shahrida boʻlib oʻtadi. Bu haqda Turkiyaning sport va yoshlar masalalari boʻyicha vaziri Mehmet Muharrem Kasapoʻgʻlu taʼkidladi.
Uning aytishicha, ushbu yirik sport tadbirini avvaliga 2021-yilning 20-29-avgust kunlari oʻtkazish rejalashtirilgan edi. Biroq, Pandemiya tufayli Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarini oʻtkazish vaqti oʻzgargani sababli mazkur tadbir vaqtini oʻzgartirishga toʻgʻri keldi. Shuningdek, Tokiodagi Olimpiada va Islom birdamlik oʻyinlarining bir vaqtga toʻgʻri kelishi sport federatsiyalari va sportchilar uchun noqulaylik keltirib chiqarishi mumkinligi taʼkidlandi.
“Biz tayyorgarlikni qizgʻin davom ettirmoqdamiz. Ishonchim komilki, Islom birdamlik oʻyinlarini boshqa hamkorlar bilan birga yuqori darajada oʻtkazishning uddasidan chiqamiz”, – dedi u.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtmoqchimiz, 2017-yil Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtgan IV Islom birdamlik oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi 15 oltin, 17 kumush hamda 31 bronza, jami 63 ta medalni qoʻlga kiritgan holda 57 mamlakat orasida toʻrtinchi oʻringa munosib koʻrilgan edi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati