Futbol mahorat maktablariga imtihonlar qachon oʻtkaziladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi PF–5887-son “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020-yil 9-iyundagi “2020/2021 oʻquv yilida futbol mahorat maktablariga oʻquvchilarni qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 680-sonli buyrugʻi hamda Nizomi tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, joriy yilning 15-iyuliga qadar 2020/2021 oʻquv yilida futbol mahorat maktablariga oʻquvchilarni qabul qilish jarayonlarini shaffof, oshkora va demokratik tamoyillar asosida amalga oshirilishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon natijalaridan norozi boʻlgan fuqarolarning arizalarini koʻrib chiqish uchun har bir futbol mahorat maktabida uch kishidan iborat apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Futbol mahorat maktablariga futbol boʻyicha dastlabki tayyorgarlikdan oʻtgan hamda futbol mahorat maktabida taʼlim olish istagini bildirgan oʻquvchilar tanlov asosida qabul qilinadi. Futbol mahorati maktabiga har yili umumtaʼlim maktabining 4-sinfini tamomlagan, 10-11 yoshga toʻlgan 22 nafar oʻquvchi 5-sinfdan qabul qilinadi. Futbol mahorat maktabi oʻquvchilarining umumiy kontingenti 154 nafarni tashkil etadi.
Qolaversa, futbol mahorat maktablariga oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish, kasbiy (ijodiy) imtihonlarda ishtirok etuvchi oʻquvchilar roʻyxatini shakllantirish hamda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish uchun, har bir futbol mahorati maktabida kamida 7 kishidan iborat qabul komissiyasi aʼzolari tuziladi.
Futbol mahorat maktabiga oʻquvchilarni qabul qilish ikki bosqichli kasbiy (ijodiy) imtihonlardan iborat:
1) 20-30-iyul (shu kuni ham) kunlari oʻquvchilarning futbol oʻyini jarayonida oʻyin qobiliyatini aniqlash asosida oʻquvchilarni saralab olish;
2) 1-20-avgust (shu kuni ham) kunlari saralab olingan oʻquvchilarni oʻyin qobiliyatini, texnik tayyorgarligini, umumiy jismoniy tayyorgarligini aniqlash va oʻyin faoliyatini baholash boʻyicha amaliy imtihonlar oʻtkaziladi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning ikkinchi bosqichi 165 balli tizim boʻyicha baholanadi va imtihon natijalari 25-avgust kuni eʼlon qilinadi.
Futbol mahorat maktabiga oʻquvchilarni qabul qilish jarayonini yoritish, oʻquvchilar qabulini shaffof, oshkora va demokratik tamoyillar asosida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida videokuzatuv olib boriladi. Imtihon natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar tanlov natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab 24 soat ichida futbol mahorat maktabining qabul komissiyasiga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Topshirilgan arizaga muvofiq apellyatsiya komissiyasi aʼzolari koʻrib chiqadi hamda uch kun muddatda maʼlumot taqdim qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati