“Sogʻlom hayot uchun 5 ming qadam” – marafon Namanganda davom etmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020-yil 1-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra hududlarda sport mashgʻulotlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 645-sonli buyrugʻiga binoan, mamlakatimizning “yashil” hududlarida sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes-klublar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
Qolaversa, sportchilar ham karantin talablariga rioya qilgan holda mashgʻulotlarni olib borishi boʻyicha ham chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, 8-iyun kuni Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatib borilayotgani sababli endilikda aholining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va salomatliklarini tiklashda ustuvor boʻlgan sport mashgʻulotlari jarayoniga ularni koʻproq jalb etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan edi.
Kuni kecha Namangan viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, Chortoq tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi tashabbusi bilan nuroniylar ishtirokida “Salomatlik uchun 5 ming qadam”, “Sogʻlom hayot uchun 5 ming qadam” shiorlari ostida piyoda yurish marafoni oʻtkazildi.
Mazkur marafon Chortoq tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabi markaziy oʻyingohida tashkil etilib, barcha marafon ishtirokchilari karantin qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda tashkil etildi. bu kabi harakatlar inson salomatligi uchun boʻlgan ahamiyati yuzasidan aholiga keng maʼnoda tushuntirishlar ham berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati