Yangi tashkil topgan Tuproqqalʼa tumanida sport infrastrukturasi butkul oʻzgarmoqda

Xabaringiz bor, 2020-yil 11-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Xorazm viloyatida Tuproqqalʼa tumani tashkil etilgan edi.

Bugungi kunda bu tumanda barcha sohalarda islohotlar olib borilayotgani kabi hududda sportni ham jadal rivojlantirish boʻyicha aniq maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Tumanning kompleks tashkiliy-texnik tadbirlar rejasi boʻyicha Pitnak shahri va Tuproqqalʼa massividagi mahallalarda jismoniy tarbiya va sportni yana-da rivojlantirish, tumandagi sport maktabining infratuzilmasini yaxshilash, mavjud sport inshootlaridan samarali va unumli foydalanish masalalari oʻrganib chiqilib, aholining turli qatlami, asosan, yoshlarni ommaviy sportga kengroq jalb qilish, ular oʻrtasida jismoniy tarbiya va sport targʻibotini kuchaytirish qatʼiy vazifaga aylandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020-yil 9-iyundagi “COVID-19 pandemiyasi davrida hududlarda sport turlari boʻyicha mashgʻulotlar, musobaqalar hamda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 681-sonli buyrugʻiga asosan, Tuproqqalʼa tumanida ham karantin talablari, sanitariya qoida va meʼyorlari asosida BOʻSMlarning sport seksiyalari faoliyatiga ruxsat berildi.

Shu munosabat bilan Xorazm viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi v.v.b. Artik Palvanov Tuproqqalʼa tumanidagi 1-son Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi va uning Tuproqqalʼa maskanidagi filialida boʻlib, yosh sportchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tuhfasi – 20 million soʻmlik 24 turdagi zamonaviy sport jihozlari va anjomlarini topshirdi.

– Sportning stol tennisi turi jonu-dilim. Bu oʻyin oʻzining tezkor harakatlari bilan meni maftun etadi. Sovgʻalar orasida stol tennisi raketkasi va toʻplarining borligidan juda sevindim. Buning uchun hukumatimizga, shuningdek, sportimiz rahbarlariga minnatdorlik bildiraman, - deydi 1-son BOʻSM filiali tarbiyalanuvchisi Jondos Shamsiddinov.

– Ushbu maskan viloyat markazidan deyarli 200 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shu sababdan, hozirda ushbu hududda jismoniy tarbiya va sportni ommaviylashtirish, sport maktabi filialining infratuzilmasini yuksaltirish hamda yoshlarni oʻzlari mehr qoʻygan sport turlari bilan toʻlaqonli shugʻullanishlari uchun imkoniyatlar yaratib berish ustida izlanishlar olib borayapmiz. Nasib qilsa, saʼy-harakatlarimiz besamar qolmaydi, yaqin orada ushbu maskandan ham taniqli sportchilar yetishib chiqadi, – deydi viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi v.v.b. Artik Palvanov.

Darhaqiqat, tuproqqalʼalik yosh sportchilarning mashgʻulotini kuzatar ekansiz, ularning dadilligi va shijoatini, gʻalabaga boʻlgan irodasini koʻrib koʻngillar quvonchga toʻladi. Demak, koʻzlangan marralar tobora yaqinlashmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati