Oʻzbekistonda “Olimpiya kuni”ga bagʻishlab qanday tadbirlar oʻtkaziladi?

Xalqaro Olimpiya qoʻmitasiga (XOQ) 1894-yil 23-iyun sanasida baron Per de Kuberten tomonidan asos solingan. Butunjahon Olimpiya kunini nishonlash haqidagi qaror – 1948-yilning yanvar oyida Sankt-Moris shahri (Shveysariya)da oʻtkazilgan XOQning 42-sessiyasida qabul qilingan.

“Olimpiya kuni” ilk bor 1948-yil 23-iyunda Avstraliya, Belgiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Portugaliya, Shveysariya, Urugvay va Venesuela Milliy olimpiya qoʻmitalari tomonidan nishonlangan. Mazkur sport bayrami qariyb 60 yil davomida “Olimpiya yugurish kuni” sifatida oʻtkazib kelingan. 2009-yilga kelib XOQning oʻsha paytdagi prezidenti Jak Roggening taklifi hamda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi qaroriga koʻra “Olimpiya yugurish kuni” – “Olimpiya kuni” deb oʻzgartirildi.

Bugungi kunda “Olimpiya kuni” dunyoda ommaviy tarzda nishonlanadigan sport bayramlaridan biriga aylangan. Har yili Xalqaro Olimpiya qoʻmitasiga aʼzo 205ta davlatda oʻtkaziladigan sport va salomatlik bayramida millionlab insonlar bevosita ishtirok etishadi. Ushbu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – aholi orasida sogʻlom turmush tarzi hamda Olimpizm gʻoyalarini keng targʻib etish, kattayu kichik qalbida jismoniy tarbiya va sportga boʻlgan mehrni yana-da yuksaltirishdan iborat.

Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi keng tarqalishi sabab 2020-yil insoniyat tarixida misli koʻrilmagan oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Tarixda ilk bor barcha tadbirlar, anjumanlar, bayramlar onlayn tarzda oʻtkazilyapti. Pandemiya hozirgi kunda sport olami vakillariga yangidan yangi jumboqlarni taqdim qilmoqda. Ulardan biri 23-iyun kuni nishonlanadigan “Olimpiya kuni” bayramidir.

Pandemiya sababli 2020-yilgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari bir yilga qoldirildi. Biroq “Olimpiya kuni” ortga surilmaydi. Shu bois hozirda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi va barcha Milliy olimpiya qoʻmitalari yaqinlashib kelayotgan mazkur bayramni koʻtarinki ruhda oʻtkazish ustida ish olib bormoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda ham mazkur sanani oʻzgacha shukuhda qarshi olishga harakat qilinmoqda. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamkorligida Ishchi guruh tuzilib, har bir yoʻnalish vakillariga qilinadigan ishlar boʻyicha vazifalar yuklatildi.

27 yildirki yurtimizda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tashabbusi qoʻllab-quvvatlangan holda, mamlakatimizda “Olimpiya kuni” keng nishonlanib kelinmoqda. Bu kun tadbir ishtirokchilari oʻzlarini haqiqiy olimpiyachi sifatida his etish imkoniyatiga ega boʻladi. Oʻzbekistonda bu yilgi “Olimpiya kuni”da:

- 15-16-iyun kunlari virtual yugurish musobaqasini oʻtkazish;
- 17-20-iyun kunlari ijtimoiy tarmoqlarda “Olimpiada – bu...” ruknida mashhur sportchi va sport ishqibozlarining intervyularini tashkil etish;
- 20-iyun kuni onlayn badantarbiya va master-klass tadbirini marafon tarzida ZOOM platformasi orqali oʻtkazish belgilangan.

Hozirda ushbu bayramga munosib tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ish olib borilmoqda. Shuni aytish mumkinki, bu yil muxlislar har qachongidan oʻzgacha “Olimpiya kuni”ga guvoh boʻlishadi. Onlayn tarzda oʻtkaziladigan bayram uchun turli onlayn musobaqalar va sportimiz yulduzlari ishtirokidagi ajoyib chiqishlar rejalashtirilgan.

Bu yil “Olimpiya kuni” #StayStrong, #StayHealthy va #StayActive shiorlari ostida oʻtkaziladi. Bu chaqiriqlar nafaqat oʻzbek, balki butun dunyo sportchilari va aholisini uyda qolib, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga chorlaydi.

Aziz yurtdoshlar, siz ham oʻzingiz va yaqinlaringiz salomatligi uchun biz bilan uyda qolib sport bilan shugʻullaning!

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati