Nukusdagi qilichbozlik sport zalida mashg'ulotlar boshlandi

Shu kunlarda Qoraqalpogʻistonning “yashil” hududlarida ham sport seksiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining
2020-yil 1-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra hududlarda sport mashgʻulotlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 645-sonli buyrugʻiga binoan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining “yashil” hududlarida sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes-klublar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

2020-yil 8-iyun kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida “yashil” hududlarda sport mashgʻulotlari karantin qoidalari asosida davom ettirilmoqda.

Jumladan, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga yana-da keng jalb qilish maqsadida sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari xulosasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahar bolalar-oʻsmirlar sport maktabida karantin qoidalariga rioya qilgan holda, sportning qilichbozlik turi boʻyicha ham mashgʻulotlar boshlab yuborildi.

Taʼkidlash joiz sport muassasasiga kirishda, tana haroratini oʻlchovchi pirometr vositasi orqali tekshiruvdan oʻtgach, mashgʻulotlarda qatnashishga ruxsat etilmoqda. Shuningdek, kun davomida sport zali dezinfeksiya qilinmoqda.

O'zQF Matbuot xizmati