Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisiga yangi oʻrinbosar saylandi

Kecha, 11-iyun kuni Zoom videokonferensiya dasturi orqali onlayn tarzda Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, assotsiatsiya rahbariyati, apparat xodimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xududiy boʻlinmalari vakillari, masʼul xodimlar hamda murabbiylar ishtirok etdi.

Yigʻilishni Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev kirish soʻzi bilan ochib berdi. Shundan soʻng, Assambleyaning kun tartibiga qoʻyilgan asosiy masala – Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasiga rais oʻrinbosari saylash jarayoni boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar ushbu lavozimga tavsiya etilgan Moʻminjonov Sharifjon Fuzailovich nomzodini bir ovozdan maʼqullashdi. Shu tariqa Sharifjon Moʻminjonov Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari lavozimiga saylandi.

Yigʻilishda soʻz olganlar Paralimpiya assotsiatsiyasi faoliyatiga ijobiy baho berib, bundan keyin ham belgilangan vazifalarni shunday faollik bilan bajarishda davom etish kerakligini taʼkidladilar.

Xabaringiz bor, oxirgi yillarda mamlakatimizda paralimpiya sportini yana-da rivojlantirish va uni ommalashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.

Maʼlumot uchun Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari lavozimiga saylangan Sharifjon Moʻminjonov 1961-yil Toshkent shahrida tugʻilgan.

Oliy maʼlumotli, Toshkent avtomobil yoʻllari instituti hamda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan.

Uzoq yillar davomida Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida turli lavozimlarda ishlagan, 2018-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati