Vazir videoselektor yigʻilishida “yashil” hududlarda aholini sportga keng jalb etish vazifasini qoʻydi

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi Respublika maxsus komissiyasining “yashil” hududlarda sport seksiyalari, toʻgaraklar, sport zallari va fitnes-klublar faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalasiga bagʻishlandi.

Videoselektor yigʻilishini Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev olib bordi. Unda vazir oʻrinbosarlari, vazirlikning barcha boshqarma va boʻlimlari masʼullari hamda barcha hududiy boshqarmalar oʻz mehnat jamoalari bilan ishtirok etdi.

- Pandemiya davrida mamlakatimizda barcha ommaviy tadbirlar, sport musobaqalari, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va mashgʻulotlar vaqtincha toʻxtatilgan boʻlsa-da, bu vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalardan ozod etilganini bildirmaydi. Karantin asta-sekin yumshamoqda. Buyogʻiga gʻayrat qilib, aholi, ayniqsa yoshlarni sport bilan qamrab olishga jiddiy eʼtibor qaratishimiz kerak, - dedi vazir.

“Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoniga muvofiq joriy yilda vazirlik oldiga jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanayotgan aholining umumiy sonini 14 foizgacha oshirish vazifasi qoʻyilgan. Buning uchun esa avvalo “yashil” hududlarda sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes-klublar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, qolaversa ushbu hududlardagi istirohat bogʻlari, sayilgohlar hamda ochiq sport maydonchalarida aholini sogʻlom turmush tarziga jalb etish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishini taʼminlashga erishish lozim. Boz ustiga, “yashil” hududlarda basseynlar faoliyatiga ham ruxsat berildi. Bu ham sport bilan shugʻullanish istagidagi aholi sonining ortishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, “sariq” hududlarda ham bosqichma-bosqich sport faoliyatini yoʻlga qoʻyish, buning uchun esa tayyorgarlik ishlarini kechiktirmasdan amalga oshirish lozimligi aytib oʻtildi.

Videoselektor yigʻilishida vazirlikning maxsus ishchi guruhi tomonidan Andijon hamda Fargʻona viloyatlarida olib borilgan oʻrganish natijalariga ham toʻxtalib, joylarda hukumat Qaror va Farmonlarining ijrosini taʼminlashda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar keskin tanqid qilindi.

Qolaversa, yigʻilishda joriy yil qurilishi rejalashtirilgan sport obyektlarida ishlarni boshlash kerakligi, qurilish-taʼmirlash ishlarini yuqori sifatda, xalqaro andozalar darajasida amalga oshirilishiga bevosita hududiy boshqarmalarning rahbarlari masʼul ekanligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, xususiy tadbirkorlar tomonidan barpo etilayotgan sport inshootlarida ham meʼyoriy talablarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi uqtirib oʻtildi.

Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Gʻayrat Bayniyazov, Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Oʻtkir Toshpoʻlatovlar ham oʻz fikr-mulohazalari va amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarga toʻxtalib, bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ham koʻmagi zarurligini bildirishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati