Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ijodiy imtihonlar qanday tashkil etiladi?

2020/2021-oʻquv yili uchun qabul jarayonlari boshlanish arafasida. Xoʻsh, pandemiya davrida qabul jarayonlari va imtihonlar qanday tashkil etiladi? Kirish imtihonlari kasbiy (ijodiy) shaklda oʻtkaziladigan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida abituriyentlar imtihonlarni qay tartibda topshirishadi?

Shuni maʼlum qilamizki, pandemiya davrida karantin, sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya etilgan holda test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari uchun imtihonlar 11-iyuldan 20-iyulga qadar, alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari uchun 25-iyuldan 10-avgustgacha boʻlgan vaqt oraligʻida oʻtkaziladi. Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni oʻtkazish muddatlariga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida imtihonlar kasbiy (ijodiy) hamda kasbiy (ijodiy)+test yoʻnalishida tashkil etiladi. Toʻliq ijodiy imtihon asosida talabalikka qabul qilinadigan yoʻnalishlarda abituriyentlar shu paytga qadar maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlikdan tashqari suzish boʻyicha ham imtihon topshirib kelishar edi. Joriy yilgi qabul mavsumida abituriyentlar faqat maxsus va umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha imtihon topshiradi, suzish yoʻnalishi majburiy imtihonlardan olib tashlanadi.

Ijodiy va test imtihonlari (pedagogik taʼlim yoʻnalishi) asosida talabalikka qabul qilinadigan yoʻnalishlarda esa ijodiy imtihonlarning faqat bittasi (maxsus jismoniy tayyorgarlik) saqlab qolinadi va qoʻshimcha test topshiriladi. Bu holatda ijodiy imtihon uchun abituriyentlar maksimal 93 ball, ijodiy imtihondan esa 96 ball jamgʻarishi mumkin.

Maʼlumot uchun, abituriyentlar ijodiy imtihonlarni faqat bir kun va uzogʻi bir soat ichida topshirishadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati