Diyetolog maslahati: toʻgʻri ovqatlanish haqida nimalarni bilishimiz kerak?

Xabaringiz bor, saytimiz orqali diyetolog Ilhomjon Otajonovning tavsiya va maslahatlarini berib bormoqdamiz. Bugun eʼtiboringizga hayot tarzimizda muhim boʻlgan toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha navbatdagi maslahatlarni havola etamiz. Oʻylaymizki, diyetolog maslahati sizning sportda yuqori natijalarga erishishingiz, eng muhimi, sogʻlom boʻlishingizda qoʻl keladi.
Toʻgʻri, ilmiy asoslangan ovqatlanish mustahkam sogʻliq, yuqori ishchanlik va uzoq umr koʻrishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Ovqat insonni hayot faoliyati va oʻsishi uchun muhim boʻlgan quvvat manbaidir. Organizm uchun muhim ozuqa mahsulotlari 6 ta guruhga boʻlinadi: uglevod, oqsil, yogʻ, vitaminlar, mineral elmentlar va suv. Toʻgʻri ovqatlanish – ushbu mahsulotlarni mos va yetarli miqdorda qabul qilish demakdir. Ovqatlanish odamning irsiyati, yoshi, jinsi, jismoniy yuklamasi, yilning iqlimi va fasliga bogʻliq boʻladi.
Shu aytib oʻtish lozimki hech bir ovqat oʻz-oʻzidan yaxshi yoki yomon boʻlib qolmaydi. Barcha turdagi ovqat mahsulotlari maʼlum miqdorda ozuqaviy qiymatga egadir. Faqat nima isteʼmol qilayotganimiz emas, balki qancha miqdorda, qachon va qanaqa sharoitda istemol qilayotganimiz ham muhimdir.
Hozirgi kunda toʻgʻri ovqatlanishning bir necha qoidalari ishlab chiqilgan.
Ularning asosiylarini quyida keltirib oʻtamiz:
1. Ovqat isteʼmol qilish jarayoniga eʼtibor va maʼsuliyat bilan qarash lozim, ovqatlanayotgan paytda hech qachon ish va muammolar haqida oʻylash kerak emas.
2. Ovqatni har kuni kunning maʼlum bir qismida va maʼlum bir vaqtda istemol qilish lozim. Chunki oshqozon shunga koʻnikadi va shu vaqtga kelib shira ajratishni koʻpaytiradi.
3. Ovqatni yaxshilab chaynab (kamida 15-marta) isteʼmol qilgan maʼqul. Ovqat ogʻiz boʻshligʻida qancha koʻp tursa va chaynalsa, oshqozonda shira shuncha koʻp ajralib chiqadi va ovqat xazm qilish jarayoni shuncha oson kechadi.
4. Dasturxon atrofiga xorgʻin yoki asabiy xolda oʻtirish yaramaydi. Ovqat isteʼmol qilishdan 10-15 daqiqa oldin barcha muammolarni unutib, xotirjam xolda ovqat isteʼmol qilishga tayyorlanish lozim.
5. Isteʼmol qilinayotgan ovqat mahsulotlari turli-tuman boʻlishi kerak, lekin uni meʼyordan oshirib yubormaslik lozim. Shuni esdan chiqarmaslik lozimki, oshqozon xajmi 350-450 sm3 .
6. Ovqat bilan choy oʻrniga sharbatlar yoki qaynatilagan suv isteʼmol qilish tavsiya etiladi, chunki choy tarkibidagi tanin ovqat tarkibidagi temir moddasini organizmga toʻliq soʻrilishiga toʻsqinlik qilish mumkin. Bundan tashqari ovqat bilan gazli yaxna ichimliklar isteʼmoli ham tavsiya etilmaydi.
7. Ovqat ratsionini tuzishda, inson organizmining oʻziga xos xususiyatlari va yashash sharoiti hisobga olinishi kerak. Toʻrt mahalli ovqatlanish maqsadga muvofiq: kunlik isteʼmolning 25%i nonushta, 35-40% – tushlik, 10-15% – tolma choy va 25% – kechki ovqat boʻlishi kerak. Uyqudan 2-3 soat oldin ovqatlanish kerak, asosiy isteʼmol vaqtlari orasida ovqatlanish mumkin emas. Sharbat, konfet, olma – bular alohida (qoʻshimcha) ovqatlanish turi hisoblanadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati