Toshkentdagi velotrek oʻquv-mashgʻulotlar markazi Ravshan Ermatovda ijobiy taassurot qoldirdi

Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov poytaxtimizdagi velotrek oʻquv-mashgʻulotlar markaziga tashrif buyurdi.
Dastavval, Ravshan Sayfutdinovich velotrek oʻquv-mashgʻulotlar markazining trenajyor zali va unga yondosh hududda sportchilarga yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Ayniqsa, sportchilarning jismoniy holatini yaxshilashga xizmat qiladigan trenajyor jihozlarini tanlashda ularning sifatiga ham alohida eʼtibor qaratish lozimligi aytib oʻtildi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari velotrek maneji bilan ham tanishdi. Uzunligi 333 metr 33 santimetr boʻlgan ushbu manej oʻlchamlari va sifati jihatidan xalqaro talablarga toʻliq javob beradi hamda sobiq Ittifoq respublikalaridagi uchta ana shunday maskandan (qolgan ikkitasi Moskva va Tallinda joylashgan) biri sanaladi.
Manejning shundoq yonginasida barpo etilgan ikki qavatli binoning yuqori qavati esa 21 oʻringa moʻljallangan mehmonxona hamda oshxonani oʻz ichiga olgan boʻlib, bu yerda sportchilar bir vaqtning oʻzida qisqa muddatli oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.
Binoning pastki qavatida esa Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi joylashgan. Shu yerda R.Ermatov maktab jamoasi bilan ham uchrashdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻi bilan ushbu dargohga direktor etib tayinlangan Azimjon Radjapovich Yusupov mehnat jamoasiga tanishtirildi.
Shundan soʻng vazirning birinchi oʻrinbosari Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi mutaxassislari va trenerlari bilan yaqindan suhbatlashib, ularni qiynayotgan muammolar, amalga oshirilishi lozim boʻlgan dolzarb vazifalar borasida oʻzaro fikr almashdi.
Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi 16 ta yoʻnalishni birlashtirgan boʻlib, ular orasida istiqboli porloq yoʻnalishlar ham talaygina. Ammo, maktabdagi mavjud 16 ta yoʻnalish bilan atigi toʻrt nafar metodist ishlab kelmoqda. Xoʻsh, 16 ta yoʻnalishga toʻrt nafar metodist yetarlimi, degan oʻrinli savol oʻrtaga tashlandi yigʻilishda.
Shuningdek, mustaqil Oʻzbekistonga Olimpiya oʻyinlaridagi dastlabki oltin medalni taqdim etgan fristayl yoʻnalishi ham Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga biriktirilgan boʻlib, afsuski bugungi kunda afsonaviy Lina Cheryazovaning birorta ham izdoshi yetishib chiqmayapti.
Uchrashuvda qishki va murakkab texnik sport turlarini yurtimiz yoshlari orasida yana-da ommalashtirish, seleksiya ishlarini kuchaytirish, buning uchun esa mavjud infratuzilmani mustahkamlash borasida ham takliflar bildirildi.
Oʻz navbatida Ravshan Ermatov Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yurtimizda sportning qishki va murakkab texnik turlarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi, buning uchun vazirlik jamoasi qoʻlidan kelgan yordamini ayamasligini taʼkidladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati