“Qarabtep” yoki xalq tilida “Lanka” deb yuritiluvchi oʻyin haqida nimalarni bilamiz?

Sogʻliqni saqlashning asosiy tadbiri badantarbiya boʻladi. Badantarbiya kishini chuqur va ketma-ket nafas olishga majbur qiluvchi ixtiyoriy harakatdir. Moʻtadil ravishda va oʻz vaqtida badantarbiya bilan shugʻullanuvchi odam buzilgan xiltlar tufayli kelgan kasalliklarning va mijoz hamda ilgari oʻtgan kasalliklar tufayli keluvchi kasalliklarning davosiga muhtoj boʻlmaydi.

Badan tarbiyaning kuchli turiga maydonda qilinadigan kishining oʻz soyasi bilan olishish oʻyini (Qarabtep oʻyini) kiradi.

Abu Ali Ibn Sino,

Tib qonunlari 1-tom.

“Qarabtep” xalq oʻyini (oldingi Lanka) bir necha asrlar mobaynida xalq sayillarida, “Navroʻz” bayramlarida muntazam ravishda oʻynalib kelingan. Bu oʻyin qoʻyning bir parcha junli terisiga metall parchasi mahkam bogʻlangan anjom bilan oʻynalgan. Bu anjom “Tepki”, tepadigan shaxs “Tepkichi” deb ataladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda biron-bir oʻzbek xonadoni topilmasa kerakki, “Qarabtep” oʻyinini bilmagan, sevib oʻynamagan boʻlsa. Oʻzbek mahallalarida mazkur oʻyinni yoshu qari birdek sevib oʻynab kelgan. Chunki, “Qarabtep” oʻyini maxsus joy yoki asbob-anjom talab qilmaydi. Bu oʻyinni har qanday joyda oʻynash mumkin. Mustamlaka davrida har xil bahonalar bilan koʻpgina qarshiliklarga uchragan boʻlishiga qaramay, “Qarabtep” oʻyini xalqimizning sevimli milliy oʻyin turlaridan biri boʻlib kelgan.

Buyuk qomusiy olim va mutafakkir Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida inson salomatligini mustahkamlashda badantarbiyaning, ayniqsa, odamning oʻz soyasi bilan olishish oʻyinining ahamiyati muhimligi haqida yozadi. Qadimgi tarixiy yozma manbalarda yozilishicha, ushbu oʻyin koʻproq chorvachilik bilan shugʻullanuvchi xalqlar istiqomat qiluvchi hududlarda keng tarqalgan. Oʻyin tarqalgan hududlar geografiyasining kengligi ham mazkur taxminni va oʻyinning turli millatlarda turlicha nomlanishini asoslaydi.

“Lanka” atamasining kelib chiqishini tarixchilar turlicha izohlaydi. Baʼzilar uni xitoycha “lyan-ga” soʻzi bilan bogʻlasalar, baʼzilar esa forsiy “lang-oqsoq” maʼnosi bilan ifodalaydi. Bu xalq oʻyini asosan, ochiq havoda shahar va qishloq aholisi orasida oʻynalgan. Oyoq panjasi yoki oyoqning ikki yoni bilan tepib, havoga uchirish mazkur oʻyinning oʻziga xos xususiyati sanaladi. “Navroʻz“ xalq sayillari, kuzgi hosil yigʻish kabi mavsum va marosim bayramlari bu anʼanaviy oʻyinsiz oʻtmagan.

Oʻyinning amaliy ahamiyati haqida gapirganda taʼkidlash muhimki, u tepkichida oyoq-qoʻl harakati koʻnikmalarini, chaqqonlikni shakllantirgan. Makonda harakatlanish dinamikasini, ekstremal holatlarda tanani koʻz yordamida va koʻz ishtirokisiz – telepatik boshqarish koʻnikmalarini rivojlantirgan. Shuning uchun mazkur oʻyin harakatlari Osiyo xalqlarida jangovar yakka kurashining barcha turlarida jismoniy tayyorgarlikning tarkibiy qismlaridan biri hisoblangan.

Oʻyin haqidagi dastlabki maʼlumotlar eramizdan avvalgi 5-asrga borib taqaladi va u xitoy manbalarida Ti szyan szi (ti-teshi, szyan szi-volan) deb nomlangan. Oʻyin harbiy tayyorgarlikning bir qismi boʻlib, sarkardalar undan askarlar ruhiyatini koʻtaruvchi psixologik vosita sifatida foydalangan. Keyingi ming yillar mobaynida “Qarabtep“ oʻyini Turon zaminidan Osiyo va boshqa Sharq, Yevropa mamlakatlariga savdo-sotiq aloqalari orqali tarqalib ketgan. Bunda Buyuk Ipak yoʻli savdo aloqalari katta rol oʻynadi. Tarixiy solnomalar mazkur oʻyin Xan ( imperatorlik davri er.av. 206 – er. 200 y.y), Suy va Tan, Sun (960 -1278) dinastiyalari hukmronlik qilgan ikki ming yilni qamrab oluvchi tarixiy davrda juda ommalashganidan shohidlik beradi.

Bugungi kunda mazkur oʻyin butun dunyoda ommaviylashganini u oʻz tarkibida 60 dan ortiq federatsiya va sport uyushmalarini birlashtirganidan ham bilib olish qiyin emas. Volan oʻyini Xalqaro federatsiyasi (ISF) 1999-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda va uning bayrogʻi ostida jahonning koʻpgina federatsiya va uyushmalari oʻz birinchilik va turnirlarini oʻtkazib keladi. 2003-yilda Yevropa volan federatsiyasi (SFE) ham tashkil qilingan. 2008-yilda XXR Markaziy banki mazkur qadimiy oʻyinga bagʻishlab tanga pul zarb qildi va rasmiy muomalaga chiqardi.

Bugungi kunda dunyoning turli qita va oʻlkalarida oʻyinning futbol fristayl, volan fristayl, soks, futbeg, dja kau, suzyuy, teyeeg, zoska, larong sipa, kebani kabi 30 dan ortiq nomdagi koʻrinishlarini uchratamiz. Biroq mohiyatan ular “Qarabtep” yoki “Lanka”ga juda yaqin. Ushbu oʻyinlarning barchasida insonni oʻziga maftun qiluvchi joziba, oyoq yordamida havoda bajariladigan qoʻl va oyoq harakatlarining nozikligidir, deyish mumkin. Bunda oʻyin snaryadi-tepki havoda qancha koʻp muallaq va chiroyli ushlab turilsa, shuncha goʻzal boʻladi.

“Qarabtep” oʻyini ham bir qancha usullardan tashkil topgan. “Tepki” ni oyoqning tashqi tomoni, ichki tomoni va sakragan holatda oyoqlarni chalishtirib oʻng va chap oyoqlarda tepish mumkin. “Tepki”ni oyoq panjasi bilan tepib, havoga uchirish mazkur oʻyin xususiyatidir, bunda tepki oyoq yordamida havoda qancha koʻp va chiroyli ushlab turilsa, shuncha jozibali boʻladi.

“Qarabtep” oʻyini ishtirokchidan yuksak mahoratni talab qiladi. Har bir tepilayotgan “Tepki” tepkichi tomonidan sanab boriladi. Bu esa tepkichidan butun eʼtiborini va diqqatini bir joyga jamlashni talab qiladi. “Tepki” havodan oyoqqa yaqinlashayotganida tepkichi “Tepki”ni qanday tepish kerakligi haqida tezda bir fikrga kelib, tepish turini tanlaydi va kerakli harakatlar bajariladi, harakat koordinatsiyasi yaxshilanadi.

“Qarabtep” oʻyini barcha sport turlarining poydevori hisoblanadi. Bu oʻyinni toʻliq egallagan yosh tepkichi: chaqqon, epchil va har qanday holatda oʻz muvozanatini toʻla idrok eta oladi, bu esa har qanday sport turi uchun asosiy manba hisoblanadi.

Bugun millionlar oʻyiniga aylangan “Qarabtep” xalq oʻyini dunyoning beshta qitʼasida oʻynalib kelinyapti. Ushbu oʻyin sobiq Ittifoq davrida har xil kasalliklar olib keladi, deb toʻxtatib qoʻyilgan. Mustaqillik yillarida davlatimiz tomonidan milliy sport turlari, xususan, xalq oʻyinlarini rivojlantirish va ommalashtirish uchun keng eʼtibor berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari Axborot tahlil departamentining 2012-yil 27-dekabrdagi topshirigʻiga asosan, tegishli vazirlik hamda boshqa mutasaddi va manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda “Qarabtep” xalq oʻyinini respublikamizda ommalashtirish boʻyicha aniq manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan koʻrsatma berildi.

2013-yil 25-yanvarda Polvonlar Milliy Markazi tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro andozalarga mos “Qarabtep” xalq oʻyini qoidalari tasdiqlandi. Shu yil 21-dekabrda Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahrida “Qarabtep” xalq oʻyini boʻyicha tarixiy Respublika birinchiligi boʻlib oʻtdi. Ushbu musobaqada barcha viloyatlardan yil davomida mashgʻulotlar olib borgan va shugʻullangan tepkichilar ishtirok etishdi. Tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.

Respublikamizning barcha hududlarida 2014-2015-yillar davomida mazkur oʻyinni ommalashtirish maqsadida turli darajadagi oʻquv muassasalarida musobaqalar, ommaviy axborot vositalarida keng targʻib qilindi. 2016-yil 20-mart kuni Navroʻz bayrami munosabati bilan “Samarqand darvoza” savdo markazining maxsus pavilionida 60 dan ortiq tepkichilar oʻrtasida Respublika ochiq chempionati oʻtkazildi. Chempionat yakunlariga koʻra 1-oʻrinni Jizzax viloyati, 2-oʻrinni Xorazm viloyati va 3-oʻrinni Toshkent shahri tepkichlari egallashdi.

Hozirgi kunda yoshlarimizni “Qarabtep” oʻyini bilan ommaviy ravishda shugʻullantirish orqali ularni sogʻlom qilib tarbiyalash hamda bugun chetdan kirib kelayotgan har xil nosogʻlom kompyuter oʻyinlarga berilib ketayotgan yoshlarimizni bunday yomon illatlardan asrab qolish mumkin.

Asrlar davomida xalqimiz tomonidan sevib oʻynab kelingan “Qarabtep” milliy oʻyinining jahonda birinchi xalqaro sport andozalariga mos qoidalari ishlab chiqildi. Kelajakda ushbu milliy oʻyin bilan 5 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan insonlar birdek shugʻullanishlari mumkin. Milliy qadriyatlarimiz tiklanayotgan bir paytda, “Qarabtep” oʻyinini rivojlantirish va ommalashtirish hamda milliy sport turiga aylantirish, xalqaro sport arenasiga olib chiqish, milliy anʼana va qadriyatlarimizni butun dunyoga yana-da keng miqyosda tanitishda oʻz samarasini beradi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati