“Koʻngilli sportchilar” guruhi yordami bilan Sardoba tumanidagi “Doʻstlik” mahallasi aholisi tez orada oʻz uylariga qaytadi

“Sardoba fojiasi” oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Sirdaryo viloyati sport taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan trener-instruktorlar, metodistlar hamda sportchilardan tuzilgan “Koʻngilli sportchilar” guruhi tabiiy ofatdan zarar koʻrgan aholi turar joylari va ijtimoiy soha obyektlarida tozalash ishlarini davom ettirmoqda.

20-may kuni jami 130 nafar “Koʻngilli sportchilar” guruhi Sardoba tumanidagi “Doʻstlik”, Oqoltin tumanidagi “Shodlik” hamda Mirzaobod tumanidagi “Navbahor” mahallalarida aholi uy-joylarini tozalash va tiklash ishlariga koʻmaklashdi.

Tabiiy ofatdan eng koʻp jabr chekkan hududlardan biri boʻlmish Sardoba tumanidagi “Doʻstlik” mahallasini tiklash ishlari qoraqalpogʻistonlik quruvchilar chekiga tushgan. Ularga yordamchi sifatida 48 nafar trener va sportchi hasharga keldi. Mahalliy aholining aytishicha, agar ishlar shu surʼatda davom etadigan boʻlsa, uzogʻi bilan 20 kun ichida ularning uyi toʻliq taʼmirdan chiqarilib, foydalanishga topshiriladi.

Oqoltin tumanidagi “Shodlik” mahallasidagi ishlarga 62 nafar koʻngilli sportchi jalb etildi. Shuningdek, Mirzaobod tumanidagi “Navbahor” mahallasida ham 20 nafar sport sohasi xodimlari koʻngilli ravishda tozalash ishlarida ishtirok etdi. Ish unumdorligini taʼminlash maqsadida hasharchilarga shu yerning oʻzida tushlik ham tashkil etilgan.

Shuni taʼkidlash kerak, “Koʻngilli sportchilar” guruhi karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda yurtdoshlarimizning ogʻirini yengil qilishda oʻz hissalarini qoʻshmoqda. Bu kabi saʼy-harakatlar tabiiy ofat oqibatlari toʻliq bartaraf etilgunga qadar davom etadi.

Taʼkidlash kerak, “Koʻngilli sportchilar” guruhining ezgu ishlari “Oʻzbekiston-24”, “Sport-TV” va “Sevimli” telekanallari hamda Oʻzbekiston milliy axborot agentligi xodimlari tomonidan OAV orqali yoritish maqsadida tasvirga olindi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati