Futbolda “inqilob“: FIFA bir oʻyinda besh nafar futbolchini almashtirishga ruxsat berdi. Hammasiga koronavirus sababchimi?

Xalqaro futbol federatsiyasi – FIFA futbolda vaqtinchalik islohotlar oʻtkazishga qaror qildi. Tashkilot barcha futbol uchrashuvlarida 5 nafargacha zaxiradan futbolchi tushirilishiga ruxsat bermoqda.
Futbol assotsiatsiyalari xalqaro kengashi (IFAB) qaroriga koʻra, 2020-yilning oxirigacha har bir klubning oʻyin davomida maʼlum qoidalar asosida beshtagacha futbolchilarni almashtirish imkoniyati beriladi.
Shu bilan birga, mazkur qarorni kuchga kiritish konfederatsiyalar (masalan, OFK) va federatsiyalar (masalan, OʻFA, PFL) ixtiyorida qoladi.
Ammo, jamoalar oʻyin davomida 5 nafar futbolchini almashtirishda maʼlum qoidalarga qatʼiy amal qilish talabi qoʻyilgan. Murabbiyga oʻyin davomida futbolchilarni almashtirish uchun tanaffus vaqtida bir marta va ikkinchi taym davomida 3-marta imkoniyat beriladi. Murabbiy shu almashtirishlarning birida bir vaqtning oʻzida ikki nafar futbolchini almashtirib olishi shart.
IFAB va FIFA mazkur qaror 2021-yilda ham amalda boʻlish yoki boʻlmasligi borasida bir qarorga kelmagan.
Shuningdek, Videotakrorlar tizimidan (VAR) foydalanishda davom etish masalasi federatsiya va konfederatsiyalar ixtiyorida qoladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati