O‘zbekiston delegatsiyasi Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Xitoyga yo‘l oldi

O‘zbekiston delegatsiyasi Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Xitoyga yo‘l oldi
Bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Xanchjou-2022 XIX Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni ochib bergan Abdulla Nigmatovich Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik yo‘lida Prezidentimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilganini taʼkidlab, sportchilarimizga omad tiladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ham so‘z olib, sportchilarimizga faxriylar nomidan o‘zining iliq tilaklarini yo‘lladi.
Qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati sovrindori, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni Zaynab Dayibekova esa sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqib, murosasiz bellashuvlarda medallar qo‘lga kiritish uchun bor kuch va shijoatlarini ishga solishini bildirdi. Tadbir yakunida Abdulla Aripov qilichbozimiz Zaynab Dayibekovaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini topshirdi.