INTERVYU GULCHERA XASANOVA, O,zbekiston Qilichbozlik federatsiyasi shifokori, nutritsiolog.
INTERVYU
GULCHERA XASANOVA, O,zbekiston Qilichbozlik federatsiyasi shifokori, nutritsiolog.
- Yoz mavsumida sportchilarning ovqatlanish ratsionida nimalarga alohida e’tibor qaratish kerak?
- Yoz mavsumida sportchilarning ovqatlanish ratsionida kletchatka-ya’ni o’simlik tolalariga, mavsumiy mevalarga va albatta suv balansiga e’tibor qaratishimiz kerak.
Tushlik va kechki ovqat paytida ko’katlar va sabzavotlarga boy mayonezsiz salatlar, tabiiy barra mevalar sportchilar organizmini kerakli vitamin va minerallar bilan ta’minlashda yordam beradi. Shuningdek kletchatka o’t qopi va oshqozon-ichaklar faoliyatini yaxshilaydi, qabziyatni oldini oladi.
- Ayni kunlarda qilichbozlar terma jamoasi a’zolari o’quv yig’in mashg’ulotlarini o’tash jarayonida. Aytingchi mashg’ulotlar vaqtida suv hamda chanqoqbosdi ichimliklarni qanday ichish tavsiya etiladi?
- Eng yaxshi chanqoqbosdi ichimlik bu suv. Sportchilar o’quv mashg’uloti jarayonlarida,intensiv mashqlar paytida ter orqali ko’p suv yo’qotishadi. Shuning uchun bu davrda xar 1 kg tana vazniga o’rtacha 50 ml dan suv ichiash tavsiya qilinadi. Ya’ni masalan 50 kg vaznli sportchi uchun kundalik suv balansi yoz mavsumida 2500 ml ni tashkil qiladi.
Shuningdek yoz mavsumida tabiiy mevalardan tayyorlangan sharbatlar tavsiya etiladi. Suvni mashgulotlar vaqtida, nonushtadan oldin va keyin, Tushlikdan oldin va keyin, kechki ovqatdan oldin kabi vaqtlarga taqsimlab ichgan ma’qul
- Jazirama, issiq kunlarda ovqatdan zaharlanish holati yuz bersa qanday birinchi yordam ko’rsatilinadi?
- Umuman olganda yozda ovqatdan zaharlanish holati noto’g’ri saqlangan mahsulotlardan, o’g’it juda ko’p solib yuborilgan qovun-tarvuz mahsulotlaridan yoki mahsulotlarni aralashtirib iste’mol qilishdan kelib chiqadi. Shu sababdan sportchilarimiz mahsulotlarni iste’mol qilishlaridan oldin uning sifatiga e’tiborliroq bo’lishlari talab etiladi. Terma jamoamiz shifokorlari doimo terma jamoamiz a’zolari bilan birga. Agar ovqatdan zaharlanish kuzatilsa sportchini holatidan kelib chiqib tez tibbiy yordam ko’rsatishadi- bular asosan antibacterial terapiya, elektrolitli suvlar va albatta adsorbentlar.
Suhbatni O`QF matbuot-kotibi Muborakxon Yakubova olib bordi